Qipchoq tillari
Qipchoq tillari – turkiy tillar oilasining g’arbiy xun tarmogiga mansub bir qancha o’lik va jonli tillar guruhi. Qipchoq tillari, o’z navbatida, 3 guruhchaga bo’linadi: 1) sof qipchoq guruhchasi — qadimgi qipchoq (Kuman) o’lik tilini hamda hozirgi jonli qaraim, qorachoy-bolqor, Qrim-tatar, qo’miq tillarini o’z ichiga oladi; 2) qipchoq-bulg’or guruhchasi — o’rta asrlarda amalda bo’lgan g’arbiy oltin O’rda (o’lik) adabiy tilini hamda hoz. jonli tatar va boshqird tillarini o’z ichiga oladi; 3) qipchoq-no’g’ay guruhchasi — faqat hozirgi jonli no’g’ay, qozoq, qoraqalpoq tillarini, shuningdek, o’zbek tilining qipchoq shevalarini qamrab oladi. Qipchoq tillarining rivojlanish tarixida 3 davr farqlanadi: mo’g’ullar bosqinigacha bo’lgan davr, mo’g’ullar bosqinidan keyingi xonliklar (Oltin O’rda, Qozon, Astraxan, Qrim, Sibir) davri hamda G’arbiy Osiyo va Sharqiy Yevropaning katta qismini, jumladan, mazkur xonliklar hududini Rossiya bosib olgandan keyingi davr. Bu davrlar qipchoqlarning turli hududlarda turli xalqlar bilan qo’shni bo’lib yashashlari, turli dinlarni qabul qilishlari tufayli Qipchoq tillari leksikasida ro’y bergan o’zgarishlar, qisman fonetik-grammatik o’zgarishlar bilan ajralib turadi. Masalan, tatar va boshqirdlar Islom dini va Arab yozuvini qabul qilganliklari sababli tatar va boshqird tillarida Arabcha va forscha leksik birliklar; qaraimlar yahudiylik dini va qadimgi yahudiy yozuvini qabul qilganliklari tufayli qaraim tilida qadimgi yahudiy tili unsurlari uchraydi. Hozirgi jonli Qipchoq tillarining har biri o’ziga xos fonetik, grammatik, leksik xususiyatlarga, o’z yozuv tarixiga ega. Mazkur tillarda hozirgi kunda 20 milliondan ortiqroq kishi so’zlashadi. Abduvahob Madvaliyev, Isroil Po’latov.