Qiroatxona
Qiroatxona — kutubxonaning o’quv zali; kitobxonlar matbuot nashrlari (gazeta, jurnal va boshqalar) va kutubxonaning barcha fondidan (jumladan, noyob va qimmatbaho nashrlardan ham) foydalanishi mumkin bo’lgan maxsus jihozlangan xona. Qiroatxonada kitob bilan ishlash uchun zarur shart-sharoitlar (qulay mebel, yorug’lik va tinchlik), mikrofilmlarni o’qish uchun, audiovizual materiallar bilan ishlash uchun maxsus apparatlar bo’lishi zarur. Yirik kutubxonalarda alohida kitobxonlar guruhlari uchun (masalan, ilmiy xodimlar, talabalar, maktab yoshidagi bolalar uchun va hokazolar), bilim sohalari bo’yicha (ijtimoiy-siyosiy, texnika, qishloq xo’jaligi va hokazolar) va nashr turlari bo’yicha (gazeta, musiqa-nota, mikrofilmlar, xaritagrafik nashrlar va hokazolar) zallar bo’lishi mumkin. Qiroatxonaning o’zida ko’p so’raladigan adabiyotlardan yordamchi fond tashkil etiladi.