Qiyosiy-tarixiy metod
Qiyosiy-tarixiy metod — qiyoslash yo’li bilan tarixiy voqea- hodisalardagi umumiylik va xususiyliklar, o’xshashlik va tafovutlar, ular taraqqiyotidagi bosqich va tamoyillar aniqlanadigan ilmiy tadqiqot metodi; tarixiy metodning bir ko’rinishi. Qiyosiy-tarixiy metod o’rganilayotgan voqea-hodisa taraqqiyotidagi muayyan bosqichlarni, ro’y bergan o’zgarishlarni aniqlash va o’zaro qiyoslashga, rivojlanish tamoyillarini belgilashga yordam beradi. Bu metodning quyidagi shakllari mavjud: qiyosiy-chog’ishtirma metod turli-tuman ob’yektlar tabiatini aniqlaydi; tarixiy-tipologik qiyoslash genezis va rivojlanish sharoitlari bir xil bo’lgan, kelib chiqishiga ko’ra bog’lanmagan voqea-hodisalar o’xshashligini tushuntirib beradi; tarixiy-genetik qiyoslashda voqea-hodisalar o’xshashligi ularning kelib chiqishiga ko’ra qarindoshligi natijasi sifatida izoxlanadi; turli-tuman hodisalarning o’zaro ta’sirini qayd etuvchi qiyoslashlar ham mavjud. Qiyosiy-tarixiy metod 19-asr boshlarida tilshunoslikda va etnografiyada shakllangan; keyinchalik jamiyatshunoslik (sotsiologiya), adabiyotshunoslik, huquqshunoslik, madaniyatshunoslik va boshqalar sohalarda keng qo’llana boshlagan. G’arb sotsiologiyasida Qiyosiy-tarixiy metodning qo’llanishi frantsuz faylasuflari O.Kont, E.Dyurkgeym, ingliz faylasufi G.Spenser g’oyalari bilan bog’liq. Qiyosiy-tarixiy metod madaniyatlar va ular- ning taraqqiyot bosqichlarini qiyoslab o’rganishda, turli ijtimoiy tuzilmalar (davlat, oila va shahrik.)ni taqqoslashda qo’llanadi. Bunda Qiyosiy-tarixiy metod tarixiy voqea- hodisalar strukturasi va vazifalarini o’rganish bilan qo’shilib ketadi. Bu jarayonda qiyosiytarixiy tadqiqot metodologiyasi yangi vositalar bilan boyib boradi. Isroil Po’latov.