Qizdirish asboblari
Qizdirish asboblari — moddalar, narsalar va muhitni qizdirish, binolarni isitish uchun mo’ljallangan issiqlik texnikasi asboblarining umumiy nomi. Issiqlik ishlab chiqaruvchi (generasiyalovchi) va issiqlik almashinuvchi turlarga bo’linadi. Birinchisida turli xil energiya, masalan, kimyoviy (yoqilg’i yonganda ajraladigan) energiya issiqlik energiyasiga aylanadi, ikkinchisida har xil issiqlik eltuvchilar (masalan, qaynoq suv, bug’) issiqligi atrofga tarqatiladi. Qizdirish asboblari, asosan, kimyoviy (gaz asboblari, kalorifer va boshqalar) va elektr asboblarga ajraladi. Gaz Qizdirish asboblarining asosiy qismi — gaz gorelkasi. Elektr Qizdirish asboblarining asosiy qismi — elektr energiyasini issiqlik energiyasiga aylantirib beradigan qizdirish elementi. U nixrom, fexral yoki elektr qarshiligi yuqori, mustahkam va yuqori trada oksidlanmaydigan, issiqqa chidamli qotishmalardan sim yoki lenta tarzida tayyorlanib, izolyatsiyalovchi va issiqqa chidamli material — chinni, slyuda (mikonit), shamot va boshqalardan iborat karkas ustiga o’rnatiladi. Elementning ochiq va berk turlari bor. Ochiq element issiqlikni konvektsiya va yorug’lik tarqatish yo’li bilan o’tkazadi.