Qizil yotqiziqlar
Qizil yotqiziqlar — gil, Alevrolit, kumtosh, konglomerat, ohaktosh va gipslardan tarkib topgan qizil rangli cho’kindi tog’ jinslari majmuasi. Qizil yotqiziqlarning quruq iqlim sharoitida hosil bo’lganligini rangining qizilligi, karbonatliligi va gipslanganligi ko’rsatadi. Qizil yotqiziqlar qumli va shag’alli gori- zontlardagi yer osti suvlari ta’sirida o’zgargan rayonlarda temir va boshqalar elementlar qayta taqsimlanishi natijasida bu yotqiziqlarda yashil gleylangan gorizontlar paydo bo’ladi. Epigenetik gleylanish natijasida ba’zan Qizil yotqiziqlar olabula rangliga aylanadi. Ko’pincha tog’oldi allyuvial tekisliklarida, tog’oralig’i botig’ida, daryo o’zani, qayiri va deltasida hamda ko’llarda uchraydi. Qizil yotqiziqlarning shakllanishi butun geologik davr mobaynida — tokembriydan neogengacha (ko’proq kembriy, devon, Perm, trias, bo’r, paleogenneogen) sodir bo’lgan. Qizil yotqiziqlar bilan mis, uran, vanadiy, flyuorit, tselestin, gips, neft va tuz konlari bog’liq.