Qizil g’ozlar
Qizil g’ozlar, flamingolar — qushlar turkumi. Ba’zan laylaksimonlar turkumi tarkibiga kenja turkum maqomida ham kiritiladi. 6 turi ma’lum. Janubiy G’arbiy Yevropa, Afrika, Janubiy G’arbiy Osiyo, Janubiy va Markaziy Amerika hamda shimoliy Amerikaning Janubiy qismida tarqalgan. Tanasi 91 — 120 santimetr, qanoti 43-49 santimetr, og’irligi 3-4 kilogramm. Tumshug’i katta, pastga qayrilgan. Jag’ining chetlarida shoxsimon plastinkachalar joylashgan bo’lib, suv yoki suyuqroq balchiqdan oziq moddalarni suzib olishiga yordam beradi. Oyoq va bo’yni uzun, barmoqlari orasida suzgich parda bor. Pushti, oq, yirik patlari qora. Dengiz va sho’r ko’l qirg’oqlariga koloniya bo’lib (ba’zan bir necha mingtasi birga) uya quradi. Oddiy qizil g’oz Kaspiy dengizining shimoliy Sharqiy qismi va Qozog’istonning sho’r ko’llari atrofi (odam borishi qiyin joylar) da yashaydi. Konussimon, balandligi 10-60 santimetrli uyasini balchiq yoki qumdan yasaydi. 1-3 ta tuxum qo’yadi. Tuxumini nari va modasi navbat bilan 30-32 kun bosadi. Qizil g’ozlar urug’, suvo’tlar, qisqichbaqasimonlar, mollyuska va suv hasharotlari bilan oziqlanadi.