Qayumov Sharif G’aniyevich
Qayumov Sharif G’aniyevich (1905.25.1, Buxoro 1973, Toshkent) — aktyor va rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1952). Moskva o’zbek drama studiyasini tugatgan (1927). Faoliyatini Buxoro muallimlar tayyorlash bilim yurtida o’qib yurgan paytidan drama to’garagida qatnashishdan boshlagan va Hoji Muin Shukrulloning “Mazluma xotin” pyesasidagi Tansiqoy rolini o’ynagan. Keyin Buxoro teatriga ishga o’tgan (1923), 1927-73 yillar Hamza nomidagi teatrda ishlagan. Qayumov kichik rollar ustasi sifatida tanilgan. Ferdinand, Shpigelberg (F.Shiller, “Makr va muhabbat”, “qaroqchilar”), Gorasio (U.Shekspir, “Hamlet”), Robinzon, Ku- ligin (A.Ostrovskiy, “Sepsiz qiz”, “Momaqaldiroq”) kabilar shular jumlasidan. Milliy dramaturgiyada Naziriy (K.Yashin, A.Umariy “Hamza”), Piri Zindoniy (M.Shayxzoda, “Mirzo Ulug’bek”), Odilov (A. Qahhor, “shohi so’zana”) kabi obrazlar yaratgan. “Uylanish” (N.Gogol), “Uyg’onish” (N.Safarov), “Qo’zibuloq qishlog’i” (Lope de Vega), “Xatarli yo’l” (Shukrullo), “parvona” (Uyg’un), “Tartyuf” (Moler), “Meshchanlar” (M.Gorkiy), “Yuliy Tsezar” (U.Shekspir) va boshqalar spektakllarni sahnalashtirgan. Qayumov O’zbekistonda radioteatr yaratilishiga ham katta hissa qo’shgan. E. Xemingueyning “chol va dengiz” asari, N.Gogolning “o’lik jonlar” romani asosida radiopostanovkalar yaratgan.