Qiziltepa

Qiziltepa — Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi shahar, tuman markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Qiziltepadan viloyat markazi (Navoiy shahri) gacha 54 kilometr. Aholisi 12 ming kishidan ziyod (2004). Shahar yonidan Chovli arig’i o’tgan. Paxta tozalash, g’isht, un zavodlari, neft mahsulotlari omborxonasi, MTP, qurilish tashkilotlari, aloqa, transport korxonalari bor. Kichik va o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa va san’at maktablari, litsey, internat maktabi, agroservis kasb-hunar kolleji, tuman Markaziy kutubxonasi, klub muassasalari, madaniyat va istirohat bog’i, muzey, stadion bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, tez tibbiy yordam bo’limi va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Qiziltepadan katta O’zbekiston trakti, temir yo’l o’tgan. Qiziltepadan Navoiy, G’ijduvon, Shofirkon, Vobkent shahrilariga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan.