Qaror
Qaror (huquqda) — 1) davlat organi yoki mansabdor shaxsning o’z vakolati doirasida muayyan maqsadga erishish yo’lida qabul qiladigan va biror oqibat keltirib chiqaradigan hujjati. Qaror, odatda, ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan qabul qilinib, u ana shu organning o’z vazifalarini amalga oshirish vositalari va yo’llarini nazarda tutgan boshqaruv vaziyatini tahlil etish hamda baholashga oid erki ifodasi hisoblanadi. Qaror ijro etuvchi hokimiyat tegishli organi kompetentsiyasi doirasida qabul qilinadigan me’yoriy yoki individual (aniq huquqiy hujjat ko’rinishida yuridik rasmiylashtirilishi natijasida shaxs yoki vaziyatga taalluqli) huquqiy ahamiyat kasb etadi. Boshqaruv faoliyatini amalga oshirish jarayonida uzoq muddatli va muayyan soha bilan bog’liq faoliyat (ishlar)ni istiqbolli loyihalash yuzasidan Qarorlar, masalan, maqsadli dasturiy Qarorlar, joriy asosiy faoliyatni amalga oshirish bo’yicha tezkor, prosessual, uslubiy, tavsiyaviy, individual va shahrik. Qarorlar qabul qilinishi mumkin. Qarorda uni amalga oshirish muddatlari va ijrochilari aniq belgilab qo’yilgan bo’ladi. U qabul qilinishidan oldin loyihasi tayyorlanib, muhokama qilinishi maqsadga muvofiqdir; 2) fuqarolik, xo’jalik, ma’muriy va jinoyat ishlari bo’yicha sud tarkibi yoki sudya chiqaradigan huquqiy hujjat.