Pakana g’o’za
Pakana g’o’za — bo’yi past, tupi ixcham, hosil shoxlari kalta, tabiiy holda uchraydigan g’o’za shakllari va sun’iy yaratilgan navlari. Pakana g’o’za navlari oddiy madaniy navlarni past bo’yli g’o’za shakllari bilan chatishtirish, shuningdek, chigit yoki g’o’zaning generativ organlariga mutagenlar (kimyoviy modda, gamma nurlar va hokazolar) ta’sir ettirish natijasida yaratilgan. Pakana g’o’zaning bo’yi 30-70 santimetrdan oshmaydi. Birinchi hosil shoxi 3-5 bo’g’imda paydo bo’ladi, ko’saklari tez ochiladi. Barglari mayda va siyrak bo’lib, erta to’kiladi. Ildiz tarmog’i yaxshi rivojlanmagan, mineral o’g’it va suvga talabchan. Tupining ixchamligi muayyan maydonda ko’p tup (300-350-400 ming) qoldirish imkonini beradi. O’zbekiston selektsionerlari g’o’zaning sifatli tola beradigan pakana navlari (kalta poyali 1, qarshi 2 va hokazolar)ni yaratdilar. Keyingi vaqtda birmuncha kam ekiladi. Abdumavlon Abdullayev.