Po’stloq
Po’stloq, o’simliklar po’stlog’i (cortex) — o’simlik poya va ildizlarining kambiydan keyingi sirtqi qismi; har xil to’qimalardan tuzilgan. Birlamchi va ikkilamchi Po’stloq bor. Birlamchi Po’stloq o’sish konusida birlamchi qoplovchi to’qimalar bilan Markaziy tsilindr orasida meristemaning tashki qavatlaridan shakllanadi. U Parenximadan tuzilgan, hamma o’simliklarning ildizida yaxshi rivojlanadi; ikki pallali va ochiq urug’lilarda esa ildizpoyasida va poyalarida ham bo’ladi. Ikki pallalilar poyasida birlamchi Po’stloqning sirtqi qismi, asosan, kollenximadan, bir pallalilar ildizida esa ekzodermadan iborat. Ikkilamchi Po’stloq (ikkilamchi floema, ya’ni lub) kambiydan rivojlangan bo’lib, to’rsimon naychalar, lub parenximasi, mexanik tolalardan iborat. U fotosintez mahsulotlarini pastga — o’simlik bo’ylab tarkatib, 1-, 2-yillari o’tkazuvchi to’qima vazifasini bajaradi. Eski Po’stloq po’kaklanib, o’tkazuvchi vazifasini bajarmay qo’yadi, u yog’ochni faqat mexanik va kimyoviy ta’sirlardan himoya qiladi. Quruq Po’stloq tarkibida 16-23% tsellyuloza, 7-15% pentozan, 6-16% geksozan, 8-10% poliuronidlar, 27-33% lignin, 14-30% ekstrakt moddalar bor. Odatda, daraxt poyasi va ildizlari oson ko’chadigan ustki qismi Po’stloq deb ataladi. Yosh daraxtlar po’stlog’i silliq bo’lib, rivojlanish davomida dag’allashib yoriqchalar hosil qiladi. Qayin po’stlog’ining po’kak qismidan smola; lipaning lub tolasidan mochalka; beresklet ildizining po’stlog’idan guttapercha (7%); zig’ir, kanop va boshqalar po’stlog’idan to’qimachilikda ishlatiladigan tolalar; eman, tol po’stlog’idan oshlovchi moddalar; Xin daraxti po’stlog’idan xinin va boshqalar olinadi.