Navkar, nukar
Navkar, nukar (mo’g’ulcha noxor — do’st, o’rtoq) — 1) mo’g’ul xonlari, no’yon huzurida xizmat qiluvchi oliy tabaqali yigitlar. N.lar — qurollangan erkin kishilar bo’lib, no’yonlarga o’z ixtiyorlari bilan xizmat qilishgan va ularning qaramog’ida bo’lishgan. Urush paytida Navkar avvalambor jangchi, tinchlik paytida esa qo’riqchi va “uy kishisi”, xonadonga yaqin kishi bo’lgan. Navkarlar xizmatlari evaziga dastavval uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak va qurol-yarog’, keyinchalik esa harbiy o’ljaning bir qismi, in’om etilgan yer mulki va qarollar bilan taqdirlanganlar, bu esa ularni yirik zodagonlarning vassallariga aylanishlariga imkon bergan. Xizmat pillapoyasida o’z iste’dodini namoyish etgan ko’pgina Navkarlar keyinchalik turli harbiy bo’linma va qismlarga qo’mondon bo’lganlar; 2) Amir Temur va Temuriylar davrida Navkar atamasi — “xizmatkor”, “askar”, “qo’shin” ma’nolarida qo’llanilgan; 3) Usmonli turk imperiyasi 14-17-asrlarda Navkar “tanqo’riqchi, xizmatkor”; 4) Safaviylar davlatida Navkar — harbiy-ma’muriy mansabdorga tobe harbiy xizmatchi, askar; 5) Xiva xonligida Navkar — “lashkar”ni anglatgan; 6) Buxoro xonligida Navkar xizmati uchun davlat tomonidan belgilangan maosh bilan ta’minlangan va majburiy harbiy xizmatni o’tagan. Harbiy harakatlardan bo’sh paytlarda Navkar soqchilik vazifasini bajargan.