Navoiy konchilik instituti
Navoiy konchilik instituti — kon-metallurgiya sohalari bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydigan davlat oliy o’quv yurti. Navoiy shahrida joylashgan. Institut 1995 yilda “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat kontserni koshida tashkil etilgan. Institut tarkibida konchilik, kimyo-metallurgiya, energomexanika, Zarafshon umumtexnika (Zarafshon shahrida) va Olmaliq kon-metallurgiya (Olmaliq shahrida) fakultetlari va 21 kafedra mavjud bo’lib, 10 ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavrlar (2 kasbiy ta’lim; menejment; elektroenergetika; metallurgiya; mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarish jihozlari va ularni avtomatlashtirish; kimyoviy texnologiya; konchilik ishi; avtomatlashtirish va boshqaruv; kon elektromexanikasi) va 5 mutaxassislik bo’yicha magistrlar (rangli va nodir metallar metallurgiyasi; foydali qazilmalarni yer osti usulida qazib olish; foydali qazilma konlarini ochiq usulda qazib olish; foydali kazilmalarni boyitish; kasb-hunar fanlarini o’qitish metodikasi) tayyorlanadi. Institut qoshida internat litseyi faoliyat ko’rsatadi. 2002/2003 o’quv yili institutda 2,5 mingga yaqin talaba o’qidi; 7 fan Doktori va professor, 44 fan nomzodi va dotsent ishladi. Institut olimlari xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy o’quv yurtlari bilan o’quv jarayonini takomillashtirish va ilmiy tadqiqot ishlarini hamkorlikda olib borish bo’yicha aloqalar o’rnatgan.