Nizomiy Aruziy ibn Samarqandiy
Nizomiy Aruziy ibn Samarqandiy (11-asrning 90-yillari — Samarqand — 1160) — adib, adabiyotshunos olim. Kotib, shoir, munajjim, tabib sifatida ham tanilgan. Aruzni puxta egallagani uchun Aruziy nomi bilan ham mashhur bo’lgan. 1111 yilda Sharq mamlakatlari bo’ylab sayohat qilgan. Balx, Hirot, Tue, Nishopur shaharlarini kezib, Afg’onistonning G’ur va Bomiyon viloyatlarida shansabiylar sulolasida 45 yil xizmat qilgan. Bizgacha “Majma’ unnavodir” (“Nodirlar majmuasi”) yoki “Chahor maqola” (“to’rt maqola”, 1156— 57) deb nomlangan asarigina etib kelgan. Asar muqaddima va 4 maqoladan iborat. Muqaddimada kitobning yozilish sabablari, maqsadi aytilgan. Asosiy qismidagi maqolalarda dabirlik ilmining mohiyati va yetuk Dabir sifatlari; she’r ilmining mohiyati va shoirning salohiyati; ilmi nujumning mohiyati va munajjimning bilimi, tibbiyot ilmining mohiyati, tabiblik, tabibning vazifalari haqida fikr yuritilgan. Har bir maqola muallif tomonidan ilgari surilgan g’oya va fikrlarni aks ettiruvchi 10-12 hikoyat bilan ziynatlangan. Nizomiy Aruziy har bir kasbga ta’rif berganda, shu kasb egasining ma’naviy qiyofasi va bilimi qanday bo’lishi lozimligini uqtiradi. Ayniqsa, kitobdagi ikkinchi maqola — “She’r ilmining mohiyati, shoir saloqiyati”da ijodkor burchi, mas’uliyati, uning o’ziga talabchan, hamisha izlanishda, o’rganishda bo’lishi, yosh ijodkorlarga g’amxo’rlik qilishi kerakligi aytilgan. Badiiy asarda shakl va mazmun birligi, she’riyatning inson tafakkuriga ta’siri, badiiy-estetik, ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati, uning inson kamolotiga, estetik didiga ta’siri borasida ham qimmatli fikrlar bor. Asar O’rta Osiyo va Xuroson xalqlari ilm-fani, madaniyati, yozuvchi-shoirlar hayoti va ijodini o’rganishda muhim manbadir. “Majma’ unnavodir”ning dunyo qo’lyozma xazinalarida 12 ta qo’lyozma va bir necha toshbosma nusxalari mavjud. Istanbul nusxasi eng mo’tabar nusxa hisoblanadi. Ingliz olimi Eduard Braun xuddi shu nusxani ingliz tiliga tarjima qilgan (1899). Eron olimi M. Muinning tanqidiy matni asosida asarni S. Baevskiy va Z. Vorojeykina rus tiliga (1963), asl forsiy nusxadan M. Hasaniy o’zbekchaga (1985) qisqartirib tarjima qilganlar. As: Nodir hikoyalar, T., 1985. Ad.: Bertels E.E., Izbrannie trudi, t. 1, Istoriya persidsko-tadjikskoy literaturi, M, 1960 Abdull aev I., Hikmatullayev H., Samarqandlik olimlar, T., 1969. Begali Qosimov.