Nitratlashuv

Nitratlashuv (lotincha nitrum — azot va facio — bajaraman), nitrifikasiya — ammoniy tuzlarining mikrobiologik yo’l bilan nitratlarga aylanish jarayoni. Nitratlar o’simliklarning azot bilan oziqlanishidagi asosiy shakldir. Bu jarayon tuproq va suv havzalarida kechadi. Azotning tabiatda doiraviy aylanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Nitratlashuvda ammoniylashuv jarayonida boshlangan azotli organik birikmalarning minerallashuvi nihoyasiga yetadi. Nitratlashuv nitratlashtiruvchi bakteriyalar ta’sirida ro’y beradi. Nitratlashuv jarayoni 2 bosqichdan iborat. Nitratlashuv jarayoni faqat suvda eruvchan organik moddalar- ning bo’lishiga bog’liq. Nitratlashuv jarayoniga aerasiya, tuproqning kimyoviy tarkibi va reaktsiyasi (muhiti), harorati katta ta’sir ko’rsatadi. Nitrifikatorlarning rivojlanishi uchun tuproq reaktsiyasi rn 5-8 bo’lgani ma’qul. Tuproq nami mo’tadil (umumiy suv sig’imining 40-70% i miqdorida), muhiti yaxshi (neytral yoki kuchsiz ishqoriy), temperaturasi 28 — 30° bo’lib, sho’rlanmagan bo’ladi. Nitratlashuv jarayoni shunday tez kechadiki, hatto tuproqdagi minerallashgan azotning asosiy qismi nitrat shaklida qoladi. Bunda nitrat kislota o’simlikni faqat azot bilan ta’minlab qolmasdan, balki qiyin eriydigan mineral tuzlar (kaltsiy fosfat)ni oson eriydigan holatga o’tkazishga va o’zlashtiruvchanligini oshirishga katta ta’sir qiladi. Lekin nitratlar o’zining yaxshi eruvchanligi tufayli tuproqning pastki qatlamlariga tushib va yuvilib ketadi. Yetarli aerasiya bo’lmaganda ular yana denitratlashtiruvchi bakteriyalar yordamida molekulyar azotgacha qaytarilishi mumkin, bu esa tuproq azotining sezilarli darajada yo’qolishiga olib keladi. Jadal Nitratlashuvda azot yo’qolishini kamaytirish uchun tuproqqa organik o’g’itlar solish kerak.