Nevropatologiya

Nevropatologiya (nevr… va patologiya) — Nevrologiyaning klinik bo’limi; nerv kasalliklarining sabablari, alomatlari va kechishini o’rganadi; ularni aniqlash, davolash va oldini olish usullarini ishlab chiqadi. Nevropatologiya 19-asrning oxirida terapiyadan mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Qadimgi yunon, misr manbalarida nerv sistemasi kasalliklari (epilepsiya, falaj va boshqalar) haqida, qadimgi Xitoy tibbiyot risolalarida bosh, bel-dumg’aza og’riganda igna sanchib davolash to’g’risida ma’lumotlar bor. Bu sohadagi dastlabki ilmiy izlanishlar 20-yillarda mintaqamizda keng tarqalgan entsefalit, meningoentsefalit, quturish kasalliklariga qarshi emlashdan so’ng paydo bo’ladigan nerv kasalliklari, poliradikulonevrit va boshqa xastaliklarni o’rganishga bag’ishlandi. 40-50-yillarda virusli neyroinfektsiyalar ustida tadqiqotlar olib borildi. Neyrorevmatizm va neyrotonzillyar kasalliklar tasnifi yaratildi (A. R. Rahimjonov); surunkali leptomeningit kasalligi har tomonlama o’rganildi va uni davolash yo’l-yo’riqlari taklif etildi (N. M. Majidov). Bolalar revmatizmida irsiy omillar roli o’rganildi (Sh. Sh. Shomansurov, O. T. Majidova va boshqalar). Gemorragik insultni xirurgik usulda davolash yo’llari ishlab chiqildi (M. H. Qoriyev). Hozirgi Markaziy va periferik nerv sistemasi jarohatlari va ularning asoratlari, miya qon tomirlari kasalliklari (insult, anevrizma va boshqalar), tug’ma kasalliklar (orqa miya churrasi va boshqalar), shuningdek, bir necha nerv kasalliklari ustida tadqiqotlar davom ettirilmoqda. Nevropatologiya sistemasi kasalliklarini aniqlashda reografiya, exoentsefalografiya, kompyuter tomografiyasi, magnitrezonans tomografiyasi kabi zamonaviy usullardan foydalaniladi. Nerv sistemasi kasalliklarini davolashning xirurgik usullarini neyroxirurgiya ishlab chiqadi, psixik kasalliklarni psixiatriya o’rganadi. Nevropatologiya nerv sistemasining tuzilishi va funktsiyasini o’rganadigan nevrologiya bilan uzviy bog’langan. Zamonaviy dori-darmonlar va davo usullari nerv sistemasi kasalliklarini muvaffaqiyatli davolash imkonini bermoqda. Ad.: Majidov N. M., Abduhakimov F. T., Umumiy nevropatologiyadan amaliy mashg’ulotlar uchun qo’llanma, T., 1961; Majidov N. M., Umumiy nevropatologiya, T., 1973.