Nefrit

Nefrit (Yunoncha nephros — buyrak; Nefritning mayda toshlari buyrak shaklida bo’lganligidan qadimda o’sha toshlar buyrakni davolash xususiyatiga ega deb ishonganlar, nomi shundan) (geologiyada) — mineral, tremolit-aktinolit qatoridagi Amfibollarning mikrotolali turi, Sa2 (Mg, Fe), [Si4Ou]2(OH, F)2. Juda ingichka tolalari chigallashib ketgan agregat qolida uchraydi. Nefritning qovushqoqligi va qattiqligi chigal tolali agregatlari mikrostrukturasi bilan bog’liq. Rangi (sutrang-oq, och yashildan yashil va qo’ng’ir yashilgacha) Cr3,Fe2+ va Ni2+ aralashmalariga bog’liq. Nefrit kam qollarda kulrang, tutunrang, oq yoki qora rangda uchraydi. Qattiqligi 5,5— 6,5. Zichligi 2900-3000 kg/m3. Yaxshi silliqlanadi. Nefritdan juda qadimgi davrdan qurol, bezak tosh, dekorativ badiiy buyumlar yasashda foydalanilgan. Amir Temur sag’anasiga o’rnatilgan tosh ham Nefritdan ishlangan. Nefrit Xitoy, Hindiston, Myanma kabi mamlakatlar madaniy tarixida muhim o’rinni egallaydi — imperator va yuqori martabali to’ralarning ajralib turish belgisi hisoblangan. Qimmatbaho zargarlik toshlaridan biri. Tabiatda serpentenit, piroksenli va amfibolli kristallik slaneslar va boshqalarning metamorfizmlanishidan hosil bo’ladi. Nefrit, asosan, allyuvial yotqiziqlardan mayda tosh va xarsajtosh ko’rinishida ajratib olinadi. Yirik konlari Yorkend, Xotan daryolari havzasida, Baykal ko’li yaqinida, yangi Zelandiya orolida va boshq joylarda topilgan.