Izboskan zilzilasi

Izboskan zilzilasi – 1992 yil 15 may mahalliy vaqt bilan soat 13 dan 08 minut o’tganda Farg’ona vodiysining shimoli sharqida Izboskan qishlog’ida bo’lgan kuchli zilzila. Zilzila episentri Bo’taqora — Qorabuloq uzilmasida 25 kilometr chuqurlikda joylashgan. Bu yerda zilzilaning kuchi 8 ballga (MSK — 64 o’lchovi bo’yicha) yaqin, magnitudasi (rixter bo’yicha) M — 6,2 bo’ldi. Zilzila o’chog’idagi tog’jinslarini yer po’sti granit qatlamidagi yoriqlar bo’yicha yuqoriga qarab siljishi seysmik to’lqinlarni kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Seysmik to’lqinlar episentral zonada 7-8 ball kuch bilan tarqalib atrof qishloqlarga ancha zarar yetkazdi. Ayniqsa, Qo’chqorota, Madaniyat, Toshqo’rg’on, Xilo qishloqlarida imoratlar jiddiy zararlandi. Izboskan zilzilasining kuchi Qo’chqorota, Moylisoy, Madaniyatda 7 ball, Poytug’, Haqqulobod. Andijonda 6 ball, O’sh, Jalolobodda 5 ball, Farg’ona, Chustda 4 ball, Toshkent, Dushanbada 3 ballga yetdi.