Ijodiy hamkorlik

Ijodiy hamkorlik – ikki va undan ortiq ijodkorning birgalikdagi ijodiy mehnati. Ijtimoii hayotga munosabati, hayotiy tajribasi, maslak va matlabi, e’tiqodi, tili, estetik g’oyalari, ijodiy uslubi yoki yo’nalishi bir- biriga yaqin ijodkorlar muayyan asarni birgalikda yaratishi mumkin. Masalan, badiiy ijodda: Chingiz Aytmatov bilan qozoq shoiri Muxtor Shoxonov hamkorlikda yaratgan “cho’qqida qolgan ovchining ohi zori” badiiy-publitsistik asar Ijodiy hamkorlikning yorqin namunasidir. 19-asrda yashab o’tgan frantsuz yozuvchilari aka-uka E. va J.de Gonkurlarning bir umr davom etgan ijodiy hamkorligi jahon adabiyotidagi noyob hodisadir. Teatr sohasida: rejissyor Bahodir Yo’ldoshevning “Kelinlar qo’zg’oloni” (Sayd Ahmad pyesasi), “Iskandar” (Sh. Rizaev pesasi) rassom G. Brim bilan Ijodiy hamkorlik natijasida yaratilgan. Bundan tashqari, tasviriy san’at (“Amir Temur haykali”, B. Usmonov, F. Ashrafiy, I. Jabbor), qo’shiqchilik (“O’zbekiston madhiyasi” A. Oripov she’ri, M. Burhonov musiqasi) sohalarida Ijodiy hamkorlik namunalari bor.