Isroil
Isroil, Isroil davlati (Medinat Visra’el) — yaqin Sharqda, Osiyoning g’arbiy qismida, O’rta dengiz bo’yida joylashgan davlat. Maydoni 14,1 ming km2 (BMT Bosh Assambleyasining 1947 yil 29 noyabr qarori bilan belgilangan hudud). Aholisi 5,938 million kishi (2001). Asosiy iqtisodiy va madaniy markazi — Tel-Aviv shahri. BMTning 1947 yildagi qaroriga zid ravishda Isroil hukumati 1950 yilda Quddus shahrining g’arbiy qismini davlat poytaxti deb e’lon qildi. 1980 yil 30 iyulda Quddus Isroilning “abadiy va bo’linmas” poytaxti deb e’lon qilindi. Isroil ma’muriy jihatdan 6 okrugga bo’linadi. Davlat tuzumi. Isroil — Respublika. Mamlakatda yagona Konstitutsiya yo’q. Uning o’rnini bosuvchi bir qancha qonunlar bor. Eng muhimlari: qonun chiqaruvchi va ijrochi idoralarni tashkil etish to’g’risida 1948 yilgi qonun va Ma’muriy farmon, 1949 yilgi muvaqqat qonun, qaytib kelish to’g’risida 1950 yilgi qonun, fuqarolik haqida 1952 yilgi Qonun, Knesset to’g’risida 1958 yilgi Asosiy qonun va boshqalar. Davlat boshlig’i — prezident (2000 yildan Moshe kasav), u Knesset (bir palatali parlament) tomonidan 7 yil muddatga saylanadi, 2-muddatga qayta saylanish huquqiga ega emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Knesset, uning 120 deputati umumiy to’g’ri yashirin ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni hukumat amalga oshiradi, hukumat Knesset tomonidan tasdiqlanadi. Tabiati. Isroilning dengiz bo’yi qismi kambar pasttekislik, Sharqiy qismi balandligi 500-1000 metrli plato bo’lib, uning Sharqiy chekkasi tor, chuqur hor botig’iga tik tushgan. Xula va Tiveriad ko’llari, Ulik dengiz, Janubda Negev cho’li bor. Fosforit, toshtuz, marmar, mis, temir rudasi, neft, gaz konlari topilgan. Iqlimi subtropik, Janubda va soyliklarda chala cho’l va cho’l iqlimi. Yozi issiq (24-36°), qishi iliq (6-18°). Yillik yog’in 100-800 mm. Shim.sharqidan Iordan daryosining yuqori qismi o’tadi. Daryo suvidan sug’orishda foydalaniladi. Tuprog’i qo’ng’ir, tog’bo’z-qo’ng’ir, bo’z, Janubdagi cho’llarda bo’z-qo’ng’ir. Tog’larda makvis, Gariga, doim yashil eman, qarag’ay va boshqalar o’sadi. Sirtlon, chiyabo’ri, daman, kemiruvchi va sudralib yuruvchilar ko’p. Qushlarning cho’l va dashtga xos turlari uchraydi. Aholisining 82%i yahudiylar, 16%i arablar, qolgan qismi armanlar, druzlar. Isroil yaxudiylarining yarmidan ko’prog’i boshqa mamlakatlardan kelgan muhojirlardir. Rasmiy til — ivrit va Arab tillari. Ko’pchilik aholi yahudiylik, qolganlari musulmon va xristian dinida. Aholining 90%i shahar va shaharchalarda yashaydi. Yirik shaharlari: tel-Aviv, Xayfo, Quddus (g’arbiy qismi), Ramatgan. Tarixi. Isroil davlati BMT Bosh Assambleyasining 1947 yil 29 noyabr qarori asosida tashkil topgan (1948 yil 14 may). Qarorga ko’ra, Buyuk Britaniya mandatidagi Falastin mustaqil deb e’lon qilindi; uning hududi Arab va yahudiy mustaqil davlatlariga bo’lindi, har ikki davlat demokratik Konstitutsiyaga ega bo’lishi lozim edi. Yahudiy davlatining hududi 14,1 ming km2, aholisi 498 ming yahudiy va 497 ming Arab (shundan 90 mingi badaviy) deb belgilandi. Quddus BMT boshqaruvidagi mustaqil ma’muriy birlik deb ajratildi. Arab-Isroil urushi (1948-49) davrida Isroil Falastin Arab davlati uchun 1 Falastin hududi (Iordan Daryosining G’arbiy sohili va G’azza ajratilgan hududning 4/5 qismini, Quddusning g’arbiy qismini bosib oldi va Quddusni Isroil poytaxti deb e’lon qildi. Isroil bosib olgan hududdan taxminan 1 million Arab quvg’in qilindi. 1956 yil Isroil Buyuk Britaniya va Frantsiyaning Misrga, 1958 yil AQSh bilan Buyuk Britaniyaning Livan va Iordaniyaga qarshi agressiyalarida qatnashdi. Isroil Iordan daryosi suvining bir qismini o’z tomoniga burib yubordi (1964 yil iyun). 1967 yil 2 iyunda tuzilgan hukumat “Buyuk Isroil”davlatini barpo etish rejasini amalga oshirishga kirishdi. 1967 yil 5 iyunda Isroil Arab davlatlariga qarshi yana agressiya boshladi. BMT xavfsizlik Kengashi o’zining 1967 yil 5-9 iyundagi majlisida Isroildan harbiy harakatlarni darhol to’xtatishni talab qildi, ammo Isroil agressiyani davom ettiraverdi. Taraqqiyparvar kuchlarning talabi va xavfsizlik Kengashining qaroriga muvofiq (1967 yil 10 iyulda) Isroil o’q otishni to’xtashishga majbur bo’ldi, ammo bosib olgan Arab hududlaridan o’z armiyasini olib ketishdan bosh tortdi. 1967 yil 22 noyabrda xavfsizlik Kengashi yaqin Sharqdagi tanglikni siyosiy yo’l bilan bartaraf etish to’g’risida qaror qabul qildi. Ammo Isroil bu qarorni mensimadi. Bosib olingan hududlarda harbiylashtirilgan yahudiy qishloqlari qurildi. 1973 yil kuzidagi Arab-Isroil urushida Isroil armiyasi va texnikasi katta talafot ko’rish evaziga ko’pgina yerlarni bosib oldi. 1974 va 1975 yillarda Isroil Misr bilan, 1974 yilda Suriya bilan tuzgan bitimlarga binoan qo’shinlar bir-biridan yiroqlashtirildi, ular o’rtasida buffer mintaqa hosil qilindi, bu yerga BMT qo’shinlari joylashtirildi. 1979 yilgi Isroil-Misr sulh shartnomasiga muvofiq, Isroil o’z qo’shinlarini Sinay yarim orolidan olib ketdi va 1982 yilda yarim orolni Misrga qaytarib berdi. 1993 yilda Isroil bilan Falastin Ozodlik tashkiloti bir-birlarini tan olish hamda G’azza mintaqasi va Ierixon shahri atrofida muvaqqat Falastin muxtoriyati to’g’risida bitim tuzdilar. 1998 yil oktyabrdagi Isroil — Falastin shartnomasida Isroil arablardan bosib olgan yerlarining bir qismini qaytarib berishi ko’zda tutilgan. Ammo Isroil – Falastin mojarosini bartaraf etish mushkul masalaligicha qolayotir. Isroil — 1949 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 25 dekabrda tan oldi va 1992 yilda diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. Milliy bayrami — Mustaqillik kuni (1948) — yahudiylar taqvimiga ko’ra, bu bayram har yili har xil kunda kelishi mumkin (2001 yilda 26 aprelga to’g’ri keldi). Asosiy siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. “Avoda” (“mehnat”) sotsialistik partiyasi, 1968 yilda tuzilgan; “Likud” (“Ittifoq”) partiyasi, 1973 yilda tashkil etilgan; shas diniy partiyasi, 1984 yilda tuzilgan; “Mafdal” milliy-diniy partiyasi, 1956 yilda tashkil etilgan; Arab demokratik partiyasi, 1988 yilda tuzilgan; “israel ba-Aliya” (“Isroil yuksalishda”) partiyasi, 1996 yilda asos solingan. Isroil umumiy mehnat federatsiyasi kasaba uyushmasi 1920 yilda tashkil etilgan. Xo’jaligi. Isroil — rivojlangan industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 21%, qishloq xo’jalik ulushi 3%ni tashkil etadi. Sanoati. Isroil iqtisodiyotida harbiy sanoat asosiy o’rinni egallaydi, u tashqi moliyaviy manbalarga, ayniqsa AQSh va Yevropa Ittifoqi yordamiga juda qaram. Isroil sanoati ilmfan yutuqlariga asoslangan tarmoqlar — tibbiy elektronika, aloqa vositalari, kompyuterlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Metall ishlash, mashinasozlik (jumladan, samolyotsozlik, kemasozlik, ayniqsa ularning harbiy turlari), elektrotexnika, elektronika, kimyo sanoati, olmosni qayta ishlash ham rivojlangan. Yengil sanoatning to’qimachilik, tikuvchilik, ko’nchilik kabi tarmoqlari mavjud. Oziq-ovqat, yog’ochsozlik, neftni qayta ishlash, binokorlik materiallari sanoati rivoj topgan. Bir oz miqdorda kaliy va toshtuz, mis va temir rudalar, neft qazib olinadi. Energetika, asosan, chetdan keltirilgan xom ashyo negiziga qurilgan. Asosiy sanoat markazlari — tel-Aviv, Xayfo. Qishloq xo’jaligi. Ekinzorlarning aksar qismi davlatga va yahudiy milliy jamg’armasiga qarashli bo’lib, bu yerlar kibusa, moshava deb atalgan qishloq xo’jaligi shirkatlariga ijaraga beriladi. Yer maydonlarining 20% dan ko’prog’i ishlanadi, uning 40% dan ortig’i sug’oriladi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — dehqonchilik. Eksport uchun, asosan, tsitrus mevalar yetishtiriladi (yiliga 1,5 million tonna), bular boshqa mevalar bilan birga qishloq xo’jalik mahsuloti asosiy qiymatining 30% ni tashkil etadi. Ichki ehtiyoj uchun bug’doy, kartoshka, sabzavot, texnika ekinlaridan paxta, qand lavlagi, zaytun va boshqalar ekiladi. Bog’dorchilik, tokchilik, gulchilik bilan ham shug’ullaniladi. Chorvachiligida qoramol, qo’y va echki, shuningdek, parranda boqiladi. Baliqchilik ham rivojlangan. Qishloq xo’jalik mamlakat ehtiyojlarini qondirmaydi. Transporti. Asosan, avtomobil transporti rivojlangan, avtomobil yo’llarining uzunligi — 13 ming kilometr. Temir yo’l uzunligi — 890 kilometr. Dengiz savdo floti muhim o’rin tutadi. Dengiz portlari: Xayfo, Ashdod, Eylat. Tel-Aviv yaqinida xalqaro aeroport bor. Bir necha neft quvurlari bo’lib, ular orqali Qizil dengiz sohilidan O’rta dengiz portlariga neft oqiziladi. Isroil chetga qishloq xo’jalik va mashinasozlik mahsulotlari, tarashlangan olmos, ma’danli o’g’it, kimyoviy moddalar, qurol-yarog’ chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, tarashlanmagan olmos, neft, kimyoviy mahsulotlar, transport vositalari oladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya. Pul birligi — shekel. Tibbiy xizmati. Aholi sog’lig’ini saqlash yuqori darajada. Davlat tibbiyot muassasalari bilan birga xususiy shifoxonalar xam bor. Vrachlar uch oliy o’quv yurtining tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Isroilda yahudiylar va arablar uchun alohida-alohida maktablar bor. Davlat maktablaridan tashqari xususiy o’quv yurtlari ham bo’lib, ularning bir qismi diniy tashkilotlar mablag’i hisobiga ishlaydi. 1969 yildan 5 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun 10 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan. Boshlang’ich maktabda o’qish muddati — 6 yil. O’rta maktab — 6 yillik (3 yillik quyi va 3 yillik yuqori maktab). Isroilda 5 universitet va 17 institut bor. Eng yiriklari: Quddusdagi yahudiy universiteti (1918), tel-Aviv universiteti (1953), Xayfodagi universitet va texnologiya instituti (“texnikoy”, 1912). Isroil Tabiiy va ijtimoiy Fanlar Akademiyasi (1961) ishlaydi. Yirik kutubxonalari: yahudiy milliy kutubxonasi, universitetlarning kutubxonalari. Isroil davlat arxivi bor. Muzeylari: Isroil milliy muzeyi (1965), Tiberiasdagi munisipal osori atiqa muzeyi, tel-avivdagi gaares muzeyi, Xayfodagi zamonaviy san’at muzeyi va hokazolar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Isroilda 400 dan ortiq gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: “gaares” (“Mamlakat”, kundalik gazeta, 1918 yildan), “Gamodiya” (“xabarchi”, kundalik gazeta, 1950 yildan), “Gasofe” (“Sharhchi”, kundalik gazeta, 1938 yildan), “Ediot Axronot” (“So’nggi yangiliklar”, kundalik kechki gazeta, 1939 yildan), “Ma-Ariv” (“oqshom”, kundalik kechki gazeta, 1948 yildan). Ivrit tilida chiqadigan yuqoridagi gazetalardan tashqari ingliz tilida kundalik “Djeruzalem post” (“Quddus pochtasi”, 1932 yildan) va Arab tilida “Al-Ittihod” (“Ittifoq”, 1944 yildan) gazetalari nashr etiladi. Quddusda Isroil telegraf agentligi va tel-Avivda Isroil axborot agentligi ishlaydi. Isroil radioeshittirish boshqarmasi hukumat xizmati bo’lib, radio va televideniyeni boshqaradi, 1948 yilda tuzilgan. Adabiyoti qadimgi Sharq adabiyotida qadimgi yahudiy adabiyoti alohida o’rin tutadi. U butun Yevropa va Sharq madaniyati taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatgan. Qadimgi yaxudiy adabiyoti deganda, birinchi navbatda, Bibliya tushuniladi. Yahudiy adabiyoti keyingi asrlarda, asosan, ivrit tilida rivojlangan. Ayrim yozuvchilar (Y. Agnon, A. Shlyonskiy, L. Goldberg, X. Byalik va boshqalar) Isroil tashkil topishidan ancha avval Falastinga ko’chib kelgan va 1948 yildan keyin ham ijodini davom ettirgan. Ayniqsa, Nobel mukofoti laureati (1966) Yosef Agnon hikoyalari haqqoniyligi va chuqur psixologizmi bilan e’tiborni tortadi. 50-yillarda Falastinda o’sib voyaga yetgan adiblar guruhi — E. Map, E. Amixay, T. Rivner, S. Izxar va boshqalar adabiyotga kirib keldi. Ular o’z asarlarida ijtimoiy muammolarni o’rtaga qo’ydilar. 60-yillarda G’arbiy Yevropa modernizmi va ekzistentsializm falsafasi ta’siri kuchaydi. Ilg’or yozuvchilardan M. Avi-Shaul, A. Pen, X. Kadmon, A. Kenan, D. Ben-Amos, E. Ben-Ezer va boshqalar yahudiy-arab munosabatlari muammolarini, rasmiy ekstremistik siyosatdan norozilik kayfiyatlarini aks ettirdilar. Ivrit tilida ijod qiluvchi ko’pgina yozuvchilar idish tilida ham asarlar yarata boshladi. I. Zrubavel, M. Man, I. Pa-Pernikov, P. Bineskiy va boshqalar idish tilidagi adabiyot namoyandalaridir. Arab tilida kalam tebratuvchi shoirlar — tavfiq ziyod, Xanna Abu Xon, Solih al-Qosim, hikoyanavislar — Emil Habibiy, Muhammad Ali Taxiy va boshqalar mamlakatdagi Arab aholisi kamsitilishiga qarshi norozilikni asosiy mavzu qilib olganlar. Me’morligi va tasviriy san’ati. Isroil hududida turli tarixiy davrlarga mansub ko’pgina me’morlik va san’at yodgorliklari sakdanib qolgan. Galileyda miloddan avvalgi 10—8-ming yilliklarda toshdan yasalgan yerto’lalar, Beysan, Megiddo va boshqa joylardagi miloddan avvalgi 4-ming yillikka oid ko’hna shaharlar, tel-Baytmirsim, Megiddo, Laxish, Gezer, Xasorda qoyalar orasidan o’tkazilgan vodoprovod lahmlari, tosh va xom g’ishtdan qurilgan qalin mudofaa istehkomlari, ibodatxonalar, turar joylar mavjud. Isroil va Yaxudo podshohliklari (miloddan avvalgi 11-asr oxiri — 6-asr boshlari) davridan qolgan og’ilxonalar, istehkomlar, saroylar, maishatxonalarning xarobalari uchraydi. Neolit davriga mansub tasviriy va amaliy bezak san’ati namunalari — uy hayvonlarining fil suyagi va sopoldan yasalgan haykalchalari, o’yma va na-qshin idishlar topilgan. Rim hukmronligi davri (miloddan avvalgi 1-asr — milodiy 4-asr) Rim badiiy madaniyatiga xos bo’lgan ko’pgina yodgorliklarni qoldirgan (Beysandagi Dionis ibodatxonasi, Beysan va Tsezardagi teatrlar, Tsezar va Askalondagi osma kuvurlar, jamoat va turar joy binolari). Qabr ustiga qo’yilgan byustlar va marmar sarkofaglardagi qabariq tasvirlar saqlangan. Vizantiya davridan bazilika (bet-Alfadagi sinagogda koshinkori tasviridagi muchal aylanasi, qator Bibliya sahnasi, qurbonlik marosimi tasvirlari va boshqalar), monastir va ibodatxonalar, arablar davridan masjid, madrasalar, salibchilardan qal’a, qo’rg’onlar, istehkomlar qolgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida yahudiylarning Falastinga ko’chib kela boshlashi bilan Isroilning zamonaviy me’morligi va badiiy madaniyati shakllandi. Turli mamlakatlardan ko’chib kelgan yahudiylar har xil badiiy va me’moriy maktab hamda yo’nalish an’analarini olib keldi. 20-asrning 50-yillaridan tel-Aviv, Xayfo, Rexovat shaharlari rivojlana boshladi. Yangi barpo etilgan ma’muriy va jamoat binolari orasida tel-Avivdagi F. Mann kontsert zali (1957, me’morlar Z. Rexter, D. Karmi, M. Zarxi, Ya. Rexter), Beylinson shifoxonasi (1950-58, me’morlari A. Sharon, B. Idelson), Gaares-muzey (1958-60, me’morlar V. Vitkover, E. Baumen), 36 qavatli “shalom” ma’muriy va savdo binosi (70-yillar), Betyam shahridagi mehmonxona majmui (1968-69), Rexovat shahridagi atom fizikasi instituti va boshqalar alohida ajralib turadi. Tasviriy san’atda turli modern yo’nalishlari va uslublari ustun. I. Zariskiy, I. Krize, B. Brizel kabi rassomlar mashhur. “Betsalel” san’at va badiiy hunarmandchilik maktabi realistik tamoyillarga asos soldi. Amaliy bezak san’atida metall, plastmassa, loy va hurmo danagidan, guldor gazmoldan yasalgan badiiy buyumlar keng tarqalgan. Kitoblarni badiiy bezashga katta e’tibor beriladi. Musiqasi falastinlik yahudiylar va arablarning madaniyati (xalq qo’shiqlari, raqslar, musiqa jo’rligidagi marosim va urf-odatlar), shuningdek ko’chib kelgan yahudiylarning an’analari asosida rivojlangan. 1948 yildan keyin musiqa muassasalari tashkil etildi. Isroil filarmoniyasi, milliy opera va “Inbal” musiqali teatri, Xolon konservatoriyasi, tel-Aviv yaxudiy konservatoriyasi, Quddus musiqa akademiyasi bor. 1950 yillardan kompozitorlik maktabi rivojlana boshladi (M. Lavri, E. Partosh, P. Benxaim, M. Avid va boshqalar). Teatri. 1926 yilda birinchi professional teatr — “Ogel” (“chodir”) teatri tashkil etildi. Dastlab uning repertuarida diniy aqidalar asosidagi pesalar bor edi. Keyin xorijiy mualliflarning dunyoviy asarlari sahnalashtirildi. Teatr rahbari M. Galevi A. Makarenko asarlari asosidagi “pedagogik poema”, Kishonning “nikoh shartnomasi” pyesalarini ko’rsatish orqali tomoshabinlar e’tiborini qozondi. “Matete” (“Supurgi”) deb atalgan hajviy teatr 1928 yilda bolgar rejissyor I. Daniel tomonidan tashkil etildi. Dramaturglardan E. Xarusi, A. Penn, Alterman teatr uchun dolzarb mavzularda pyesalar yozib berishdi. 1949-yilda bu teatr moliyaviy qiyinchiliklar sababli yopilib qoldi. 50-yillarda “Basal yarok” (“ko’k piyoz”) va “Xamem” (“ili-miliq”) satirik teatrlari yuzaga keldi. Isroilning yetakchi teatri “Gabima” (“saxna”) 1928 yildan beri Falastinda ishlab kelayotir. Uning sahnasida Shekspir, Shiller, Gyote pyesalari ko’rsatildi. 20-asrning 2-yarmida bu teatrda X. Rovina, A. Meskin, Sh. Finkel, M. Zoxar, Sh. Rudenskiy, A. Tal, I. Beker, M. Asherov kabi sahna ustalari shuhrat qozondi. Tel-Avivda Milliy teatr (1958 yilda asos solingan) va kamer teatri (1944), Xayfoda shahar teatri (1963), tel-Aviv untida musiqa fakulteti, 20 dan ziyod musiqa maktabi mavjud. Kinosi. Isroilda kino ishlab chiqarish 1950 yilda boshlandi. Shu yili rejissyor A. Amar “Sulh” badiiy filmini yaratdi. 1954 yilda milliy kinematografiyani rag’batlantirish haqida qonun qabul qilinib, kinoteatrlarda albatta Isroil filmlarini ko’rsatish joriy etildi. “Yodingda tut” (rejissyor F. Artvis) badiiy filmi va “Salax shabati” hajviy komediyasi (ikkalasi 1964 yilda yaratilgan) ayniqsa diqqatga sazovor. Keyingi yillarda musiqiy filmlar, komediyalar, josuslik va “jangari” filmlar yaratildi. Savdo va sanoat vazirligi xuzurida kino markazi tashkil etilgan. Tel-Avivda ikkita, Quddusda bitta kinostudiya bor. O’zbekiston — Isroil munosabatlari. Isroil davlati O’zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olganidan keyin ikkala mamlakat o’rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar uchun huquqiy negiz yaratishga kirishildi. 1994 yildan investisiyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish, havo qatnovi, avtotransport va sayyohlikni rivojlantirish xususida bitimlar imzolandi. 1997 yil aprelda O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Isroilga rasmiy tashrifi chog’ida madaniyat, fan va maorif sohasidagi hamkorlik haqida bitim tuzildi. 1998 yil sent. oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Isroilga tashrifi davomida hamkorlikning turli jihatlariga oid 8 ta shartnoma imzolandi. Hukumatlararo o’zbek-Isroil savdo-iqtisodiy komissiyasi ish boshladi. Ikki mamlakat o’rtasidagi tovar aylanmasi 2000 yilda 27,1 million AQSh dollarini tashkil etdi. Isroil dastlabki yillarda O’zbekistondan, asosan, qimmatbaho toshlar, ro’zg’or paxtasi, kigiz xarid qilgan bo’lsa, keyinchalik ularning yoniga paxta tolasi va gazlama, kimyoviy mahsulotlar ham qo’shildi. O’zbekiston esa undan mexanik va elektr asbob-uskunalar, qora metall, plastmassa va ulardan yasalgan buyumlar, optika apparatlari, qandolat mahsulotlari, kofe, choy, go’sht va baliq mahsulotlari, sport anjomlari, dori- darmon, o’yinchoqlar xarid qiladi. Qishloq xo’jalik sohasida Isroil firma va kompaniyalari bilan hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Jumladan, 1994 yildan buyon Toshkent viloyati yuqori Chirchiq tumanining Ahmad Yassaviy nomidagi xo’jaligida 46 gektar yerda tomchilatib sug’orish usulining ilg’or texnologiyasi joriy etilishi sabzavot va kartoshka hosildorligini 3 baravar oshirdi. Oqqo’rg’on tumanidagi “Oqqo’rg’on” xo’jaligida qurilgan kichik sut zavodi 9 xil mahsulot beradi. Yem- xashak tsexi va 2 ta xususiy chorvachilik fermasi qurib ishga tushirildi, ular uchun zarur asbob-uskunalar keltirildi. 1998 yil iyunida Toshkent viloyati Qibray tumanida sutni qayta ishlab, turli mahsulotlar ishlab chiqradigan o’zbek- Isroil-Amerika “Turon-97” qo’shma korxonasi ishga tushirildi. Isroilning “Zeraim Gedera” va “Netafim” kompaniyalari bilan hamkorlikda Isroil paxta navlarini yetishtirishga kirishildi. O’zbekistonning bir qancha tumanlarida Isroilning “Marav” firmasi asbob-uskunalari asosida 15 ta kichik sut zavodi kurish ishlari boshlab yuborildi. Ularning har biri smenada 1, 1,5, 2 ming litr sutni qayta ishlaydi; qurilish mablag’ini Isroil banklari beradi. “NETAFIM” kompaniyasining “Qoraqalpoqissiqxona” birlashmasi bilan 120 gektar yerda tomchilatib sug’orish usulida pomidor yetishtirish va tomat pastasi ishlab chiqarish uchun tuzgan shartnomasiga binoan 4,67 million dollarlik texnologiya jihozlari keltiriladi. Irrigasiya ilmiy tadqiqot instituti va Isroilning “Plastro texnoloji” firmasi tomonidan tuzilgan “Saniplast” O’zbekistan-Isroil qo’shma korxonasi turli ekinlarni, jumladan, g’o’zani sug’orishda tejamli texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish bilan shug’ullanadi. 1996 yildan Isroilning “M.A.D” firmasi bilan parrandachilik sohasida kurka go’shti yetishtirishning intensiv texnologiyasini amalga oshirishga kirishildi. 8 million AQSh dollari turadigan loyihani bajarish uchun Isroilning “diskont” banki 6,8 million dollar beradigan bo’ldi. Bu pulga texnologiya uskunalari, veterinariya preparatlari, ozuqa qo’shimchasi va zotdor kurkalar keltiriladi. 6 ta broyler parrandachilik fabrikasini kurkachilik fabrikasiga aylantirish, kurka go’shti yetishtirishni yiliga 12 ming tonnaga yetkazish ko’zda tutilgan. Kelgusida 15 ta parrandachilik fabrikasini qayta jihozlash va namunali sutchilik majmuini barpo etish rejalari bor. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Isroilning “Metek” kompaniyasi bilan amaliy hamkorlikni yo’lga qo’ygan. Mis saralash fabrikasi chiqitlarini qayta ishlaydigan qo’shma korxona barpo etish, reniy va osmiy kabi nodir metallarni ajratib oladigan sanoat qurilmalari o’rnatish ishlari nihoyasiga yetay deb qoldi. Pochta va telekommunikatsiya tarmog’ida ham hamkorlik yo’lga qo’yilgan. 1997 yil martda “I Si Ai Telekom” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, yer sun’iy yo’ldoshlari orqali ishlaydigan telefon stansiyasi va Toshkent telefon-telegraf stansiyasi uchun asbob-uskunalar keltirib o’rnatildi. O’zbekistonda Isroil sarmoyasi ishtirokidagi 45 korxona ro’yxatga olingan. Ular qishloq xo’jalik mahsulotini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlari va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish, savdo-sotiq bilan shug’ullanadi. Isroil Samarqanddagi “Sharq taronalari” festivallarida qatnashib kelayotir. Toshkentda 2 ta foto ko’rgazma uyushtirdi, Toshkent yosh tomoshabinlar teatri ishtirokidagi “Humo” festivalida qatnashish uchun 3 ta teatr guruhini yubordi. Yosh tomoshabinlar teatrining badiiy rahbari Nabi Abdurahmonov Isroilga borib, betsvi teatr maktabi bilan birgalikda spektakllar sahnalashtirdi. Madaniy hamkorlikni faollashtirish uchun 1998 yilda “O’zbekiston — Isroil” do’stlik jamiyati tashkil etildi. Maorif va fan arboblari delegatsiyalarining o’zaro tajriba almashishlari yo’lga qo’yilgan.