ASTEKLAR
ASTEKLAR (o’zlarini Asteka, naua, maseualli (“Bug’u ovlovchilar” — eng qadimgi nomlari), tenochkilar, Mexika deb ataydilar) — Meksikaning eng yirik indeys aholisi. Umumiy soni 1,2 million kishi (1992). Asteklar asosan astek (nauatl) tilida, qisman ispan tilida so’zlashadilar. Dini katolik. 12 – asrda shimoldan kelgan Asteklar Mexiko vodiysiga bostirib kirib, u yerda o’rnashib olganlar. 1325 yil Tenochtitlan qishlog’i (hozirgi Mexiko shahri) vujudga kelgan. 1427 yil Asteklar Teskoko va Tlakopan shahar-davlatlari bilan ittifoq tuzib butun vodiy aholisini, keyinchalik esa Markaziy Meksikani o’zlariga bo’ysundirganlar. 1519 — 21 yillarda Asteklar ispanlar tomonidan zabt etilgan. Asteklar Mexiko vodiysiga kelgan paytlarida ularda urug’-qabilachilik tuzumi hukmron edi. Asteklarga 2 yo’lboshchi va 20 urug’ oqsoqolidan iborat kengash rahbarlik qilgan. 15 – asrga kelib Asteklarning ilk davlati vujudga kelgan. Savdo rivojlangan, hunarmandchilik ajralib chiqa boshlagan. Ispanlar kelguniga qadar Asteklar temirni bilmaganlar, lekin oltin, kumush, mis va jezni quya bilganlar. Asosiy qishloq xo’jalik ekinlari jo’xori, paxta, kakao, tamaki bo’lgan. Itdan boshqa uy hayvonlari bo’lmagan. Asteklarning piktografik xati, yuksak san’ati, quyosh taqvimi bo’lgan. Hozirgi paytda Asteklarning ko’pchiligi Meksikaning qishloq xo’jalik va sanoat ishchilarini tashkil qiladi, faqat ozgina Asteklargina eskicha hayot tarzlarini saqlab qolganlar.