AEROZOLLAR

AEROZOLLAR (Aero… va lotincha solution — eritma) — gaz muhitida muallaq turadigan mayda-mayda qattiq yoki suyuq zarralardan tashkil topgan dispers tizimlar. Aerozollardagi zarralarning kattaligi millimetrning o’n milliondan bir ulushidan tortib, bir necha millimetrgacha boradi (qor uchqunlari, yomg’ir tomchilari). Aerozollar qattiq yoki suyuq jismlarning maydalanishi, parchalanishi (masalan, portlash vaqtida) yoki kondensatlanishi (masalan, havodagi qattiq jism zarralari, gaz ionlari va boshqalarda suv bug’ining to’planishi) natijasida, shuningdek kimyoviy reaktsiya vaqtida (ammiak bilan vodorod xloriddan ammoniy xlorid olinganda) vujudga keladi. Aerozollarning muhim xususiyati zarralarning qarama-qarshi zaryadligidir, dispers muhitning zichligi va qovushomigi kichik bo’lganidan, bunday muhitdagi zarralar to’xtovsiz harakat qilib turadi, buning natijasida ular o’zaro to’qnashib, osongina yiriklashishi mumkin (Aerozollar koagulyatsiyasi), yiriklashgan zarralar esa og’irlik kuchi ta’sirida dispers muhitdan ajraladi — dispers tizim buziladi. Aerozollarni parchalashda yuqori kuchlanishli elektr toki, markazdan qochirma kuch va ultratovushlardan, maxsus filtrlardan foydalaniladi. Meteorologiyada, havoni changdan tozalashda, harbiy ishda (tutun pardasi hosil qilishda), purkagich yordamida jismlarga lok yoki bo’yoq berishda va boshqa ishlarda Aerozollar muhim rol o’ynaydi.