AHOLI RO’YXATLARI

AHOLI RO’YXATLARI – mamlakat yoki muayyan hududda ma’lum vaqt yoki davrda yashayotgan aholining demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarining jarayoni to’plami. Ba’zan Aholi ro’yxatlari tushunchasiga, shuningdek ushbu ma’lumotlarni yig’ish, ishlash va nashr etishni ham qo’shadilar. Aholi ro’yxatlari ilmiy talablarga hamda amaliyot ehtiyojlariga javob berish, aholi soni, tarkibi va joylashishi to’g’risidagi ma’lumotlarni yig’ish maqsadida o’tkaziladi. Aholi ro’yxatlari o’tkazilganda uyma-uy yurib, har bir yashovchi haqida ma’lumot yig’iladi. Aholi ro’yxatlarini o’tkazish bo’yicha bir qancha ilmiy tamoyillar mavjud. Ularning ichida jami voqea va hodisalarni qamrab olish tamoyili eng muhimi hisoblanib, ro’yxat o’tkazilayotganda muayyan joydagi jami aholi qamrab olinishi shart. Faqat shundagina Aholi ro’yxatlari o’tkazilayotgan hududdagi demografik jarayonlar to’g’risida to’laqonli ma’lumot olish mumkin. Aholi ro’yxatlariga demografiya belgilari (jinsi, yoshi, oilaviy holati), iqtisodiy belgilari (mashg’uloti, iqtisodiy faoliyat sohasi yoki turi), ma’lumoti (savodliligi, maktabga borishi), etnik alomatlari (millati, tili, ba’zan dini) va hokazo ma’lumotlar olinadi. Ayrim aholi guruhlari uchun nikohga kirgan oy-kuni, tug’ilgan bolalari soni ham olinadi. Aholi ro’yxatlarida ko’pincha oila (uy sohibaligi), kim oila boshlig’i ekanligi hisobga olinadi. Ushbu ma’lumotlar vaqt va hudud doirasida takrorslashga yaroqli bo’lishligi uchun, jami aholiga bir xil mazmundagi savollar taqdim qilinishi kerak, ya’ni mamlakat miqyosida Aholi ro’yxatlari yagona dastur asosida o’tkazilishi shart. Bunda BMT tomonidan berilgan tavsiyalarga tayaniladi. Aholiga tegishli ma’lumotlar aniq bo’lishligi uchun ularni har bir kishidan shaxsan olinadi. Ro’yxat odamlarning o’z joyida muqim yashab turgan davrida, ya’ni asosan qishda qisqa muddatda, bir necha kun yoki hafta mobaynida o’tkaziladi, lekin barcha ma’lumotlar kritik (jiddiy) lahzasi (odatda ro’ixatga olishning birinchi kuni) da olinadi — shungacha o’lganlar va tug’ilganlar ko’rsatilmaydi. Javoblar ro’yxat varaqalariga yagona nusxada yoziladi. Aholi ro’yxatlari aholi soni va tarkibi haqidagi ma’lumotlarni ma’lum bir sanaga mo’ljallab berishi lozim. Shartni bajarish uchun ro’yxat o’tkazish bo’yicha sana va hatto vaqti aniq ko’rsatilishi kerak. Mazkur vaqt ro’yxatning kritik lahzasi deyiladi. Qadimdan aholini hisobga olishning xilma-xil usullari mavjud bo’lgan. Yunoniston, Bobil (Mesopotamiya), Misr, Rim, Xitoy va Yaponiyada aholi hisobga olinganligi tarixiy manbalardan ma’lum. Ular asosan fiskal (soliq olish) va harbiy maqsadlarni ko’zlagan holda o’tkazilib, odatda faqat erkaklarni, ya’ni harbiy harakatlarda ishtirok etish hamda soliq to’lash imkoniyati bor shaxslarni qamrab olgan. Qadimgi Rimda o’tkazilgan hamda podsho Serviy Tulliy (miloddan avvalgi 6-asr) nomi bilan bog’liq bo’lgan fuqarolar hisobi (tsenzi) ma’lum. Miloddan avvalgi 510 yildan 30 yilgacha bo’lgan davrda tsenzlar har 5 yilda o’tkazilib turgan. Jami Aholi soni va tarkibi haqidagi ro’yxat birinchi marta 1790 yilda AQSh da o’tkazilgan. 1801 yilda Buyuk Britaniya, Frantsiya, Daniya va Norvegiyada o’tkazilgan. 19-asrning o’rtalariga kelib Yevropa mamlakatlarida maxsus statistik tashkilotlar barpo qilinganligi Aholi ro’yxatlarini sifatli o’tkazishning muhim omili bo’ldi. Dunyo mamlakatlarida 1870-79 yillarda 48 ta, 1880-89 yillarda 54 ta, 1890-99 yillarda 57 ta, 20-asrning dastlabki o’n yilligida 74 ta Aholi ro’yxatlari o’tkazildi. Aholi ro’yxatlari 20- asrning boshida yer yuzi jami aholisining 64% ni qamrab oldi. 2-jahon urushidan keyin Aholi ro’yxatlari o’tkazish yana ham keng tus oldi. Aholi ro’yxatlari 1945-54 yillarda 168 mamlakatda, 1969-74 ylarda 179 mamlakatda o’tkazildi. Hozirgi vaqtda Aholi ro’yxatlari dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida o’tkazilmoqda. Iqtisodiy jihatdan qoloq hamda Aholi ro’yxatlarini o’tkazish imkoniyatlariga ega bo’lmagan mamlakatlar istisno hisoblanadi. Sobiq Ittifoqda 1920, 1923, 1926, 1937, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda Aholi ro’yxatlari o’tkazilgan. Abduhakim Qayumov.