ZAMM

ZAMM, zam — Amudaryo bo’yidagi o’rta asr (7-asr) larga oid shahar va kechuv nomi. Bal’amiyning ma’lumotiga ko’ra, Zamm Termiz va Qubodiyon qatorida podshoh Qubod asos solgan shaharlardan sanalgan. 8-asr boshida Qutayba ibn Muslim Marvdan Buxoroga yurish qilganda Zamm kechuvi orqali Amudaryodan o’tgan. Zamm orqali Marvarrud va Guzgonondan Movarounnahr shaharlariga boradigan karvon yo’li o’tgan. 10 asrda Zamm kattaligi jihatidan Amulga teng bo’lib, biroq aholisi jihatidan undan keyin turgan. 10 asr oxirida Muqaddasiy Zammni usti yopiq bozorlar o’rtasida joylashgan jome masjidiga ega bo’lgan “Katta shahar” deb atagan. Amudaryo toshgan paytlarda uning suvi Zammning o’rtasiga qadar borgan. Zammning atrofi cho’l bilan o’ralgan. 1032 yil Zamm g’aznaviylardan Sulton Mas’udning Qoraxoniylardan Aliteginga qarshi urushida qo’shinlar to’planadigan asosiy joylardan biri bo’lgan. Zamm o’rta asr shahar xarobasi Amudaryoning so’l qirg’og’ida, Karki shahrining qarshisida joylashgan. Umumiy maydoni 3,5 gektarga yaqin bo’lgan. Zamm atrofida bog’-rog’lar, ekinzorlar, chorvadorlarning uylari, quduqlar, yaylovlar bo’lgan; shaharga Amudaryodan foxir kanali orqali suv chiqarilgan. Mahmud ibn Baauwam ma’lumotlariga ko’ra, o’rta asrda Zamm viloyati Marvga qadar cho’zilgan. 826-827 yillarda Zamm viloyatidan xalifalikka to’lanadigan soliq miqsori 106 ming dirhamni tashkil etgan. Karki shahridan shimoliy-g’arbda joylashgan Ostanabobo qishlogida Alambardor maqbarasi saqlangan. Rivoyatlarga ko’ra, u yerga somoniylarning 1005 yilda o’ldirilgan so’nggi amiri almuntasir dafn etilgan.