ZANDONACHI
ZANDONACHI — murakkab gulli badiiy bezakli mato. 7 asrdan ipak, 10 asrdan ip gazlama sifatida Shuhrat qozongan. Zandonachi jonli mavjudotlar tasviri (9 asrgacha), o’simliksimon va handasiy naqshlar bilan bezatilgan. Sidirg’a Zandonachi Rossiyada mashxur bo’lgan (rus manbalarida “Zenden” deb yuritilgan). 10 asr Arab manbalariga ko’ra, Buxoro yaqinidagi Zandona qishlog’ida tayyorlangan (nomi shundan). Zandonachidan kiyimlar, bezak buyumlar (choyshab, yopqich va boshqalar) tayyorlangan. Narshaxiy o’z asari (“Buxoro tarixi”) da Sharqda parcha bilan teng qimmatga ega bo’lgan ip gazlamalar qatorida tilga olgan. Zandonachi Eron, Vizantiya, Suriya, Rossiya va boshqa mamlakatlarga ko’plab chiqarilgan. Zandonachi namunalari Belgiya (Yun, Lej shahri soborlari), Frantsiya (Nansi shahri), Rossiya (Moskvadagi Qurol aslahalar palatasi, Ermitaj) va boshqalarda saqlanadi.