ZARETDINOV KURBANBAY
ZARETDINOV KURBANBAY (1953.25.2, Kegeyli tumani) — qoraqalpoq dirijyori va kompozitori. O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (2000). Toshkent konservatoriyasining xor dirijyorligi fakultetini tugatgan (1975). Nukus san’at bilim yurtida o’qituvchi va direktor muovini (1975-81), Qoraqalpoq davlat filarmoniyasining simfonik orkestrida dirijyor, bosh dirijyor va badiiy rahbar (1981-89), Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatrida bosh xormeyster (1989 y.dan), Qoraqalpoq universitetining “Musiqiy ta’lim va tarbiya” kafedrasi mudiri (1999 yildan). Musiqali obrazni har tomonlama ochib berishda simfonik orkestr imkoniyatlaridan unumli foydalana olish, shuningdek orkestr cholg’ularining rangbarang tovush ohanglarini qahramonning harakat holatiga mos keltira olish dirijyorlik uslubiga xos. Kompozitor sifatida “Tug’ilgan joy”, “Azamat va men”, “Umrim”, “Tog’asining qizi” kabi qo’shiq va xor asarlarini yaratgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1997).