ZARINA

ZARINA (miloddan avvalgi 7 asr) — saklar malikasi va podshosi. Midiya davlati bilan Parfiyaga egalik qilish uchun uzoq, muddatli urushlar olib borgan. Nihoyat o’rtada sulh shartnomasi imzolanib, Ktesiyniit yozishiga ko’ra, har ikki tomon abadiy do’st va harbiy ittifoqdosh bo’lishga kelishgan. Zarina o’zining jangovarligi, jasurligi, uddaburonligi, aql-zakovati, go’zal husni tarovati bilan boshqa sak ayollaridan ancha ustun turgan. Saklarda urush xavfi tug’ilgan paytda ayollar ham erkaklar bilan bir qatorda turib jang qilishgan. Zarina saklar yurtini qo’shni ko’chmanchi qabilalar asoratidan xalos etib mamlakatni obod qilish yo’lida xayrli ishlar qilgan, ko’plab shaharlar bunyod etgan, xalq farovon yashagan. Shuning uchun Zarina vafot etgach, vatandoshlari uning porloq xotirasini e’zozlash maqsadida tarixda misli yo’q maqbara qurishgan. Uch burchakli piramida shaklidagi mahobatli maqbaraning har bir tomonining uzunligi 3 stadiy (1 stadiy 176,6 metrga teng) ga teng bo’lib, uning o’tkir uchlari ko’kka bo’y cho’zgan. Maqbaraning tepasida esa Zarinaning oltindan yasalgan ulkan haykalini o’rnatishib, Zarinaning jasoratlarini madh etishgan, uning ajdodlariga nisbatan qilingan marosimlardan ham tantanavor ravishda xotirasini yodga olishgan. Zarina haqida ko’plab epik asarlar, qissa, doston qadimdan saqlanib qolgan. (Masalan, “Zarina va Striangep”). “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti K. Moiseyevaning “Zarinaning shamshiri” tarixiy qissasini (S. Hasan tarjimasi) nashr qilgan (2001). Ad.: Pyankov I. V., Srednyaya Aziya v izvestiyax antichnogo istorika Ktesiya. Dushanbe, 1975. Faxriddin Hasanov.