ZAFAR DIYOR

ZAFAR DIYOR (1912, Chust tumani — 1946.14.4, Toshkent) — o’zbek bolalar shoiri. Toshkent pedagogika institutida o’qigan (1938-41). “Lenin uchquni” (1936-41), “Qizil O’zbekiston” (1941-46) gazetalarida adabiy xodim va mas’ul kotib. “Qo’shiqlar” (1933), “Tantana” (1938), “She’rlar” (1939), “Muborak” (1940), “Sovg’a” (1944), “Suv bilan suhbat” (1976) “Bizning qurolimiz” (1941), “Bizning oila” (1942) va boshqa she’riy to’plamlar muallifi. “Chaman” (she’r, ertak va dostonlar, 1948) kitobi maktabgacha yoshdagi bolalar uchun. Zafar Diyor o’zbek bolalar adabiyotida doston janrini boshlab bergan shoirlardan biri hisoblanadi (“Mashinist”, “Kazbek” va boshqalar). Bundan tashqari, bolalar dramaturgi hamdir. Uning “Baxtli yoshlik”, “Uch og’ayni” pesalarida bolalar o’rtasidagi do’stlik, birodarlik ulug’lanadi. Ad.: Vladimirova N. V., Zafar Diyor [Tanqidiy biografik ocherk], T., 1954; Uzbek bolalar adabiyoti tarixi ocherki, T., 1978; Uzbek bolalar adabiyoti va adabiy jarayon, T., 1989.