ZAHAR BEZLARI

ZAHAR BEZLARI — hayvonlarda zahar ishlab chiqaruvchi maxsus bezlar. Zahar bezlari ko’pincha jarohat yetkazuvchi organ bilan bog’langan. Kiprikli chuvalchanglar Zahar bezlari ko’p hujayrali (Acoela, Polycladida), noksimon. Nemertinlarda zaharli moddani Xartumning orqa qismidagi epiteliy to’qima bezi ajratadi. Zahar bezlari himoya vazifasini bajaradi. Shilliq qurtlar (Jenebra, Conus) Zahar bezlari tishlarida bo’lib, ingichka nay orqali tashqariga ochiladi. Sakkizoyoqning oxirgi juft so’lak bezlari zaharli modda ajratadi. Bo’g’imoyoqlilarda Zahar bezlari ko’p hujayrali, juft bo’ladi. Bezlarning teshigi chayonlarda dum qismining nayzasiga, o’rgimchaklarda xeliserasiga, laboyoqlilarda oyoq jag’lariga, hasharotlarda dumidagi o’simtalariga ochiladi. Umurtqali hayvonlardan yumaloqog’izlilar, baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar va kloakalilarda Zahar bezlari bo’ladi. Zahar bezlari dengiz ilonbalig’ining terisida, murenlarning tanglayida, chayonbaliq va dengiz kaltakesaklarining suzgichlarida joylashgan. Salamandr, Triton, kaltakesakda Zahar bezlari terisining turli qismlarida, qurbaqa va ko’l baqalarida esa tananing yonbosh, bo’yin va orqa qismida joylashgan. Ular bezovta bo’lganida teri ustiga suyuq zahar ajratadi. Zahartishli ilon va kaltakesaklarning Zahar bezlari so’lak bezlari asosida bo’ladi. Hayvon chiqqanida zahar tishlar yordamida o’lja tanasiga yuboriladi. Zaharli ilonlarning zahar tishlari og’iz ochilganda og’izning oldingi qismiga qaratiladi. Kloakali sut emizuvchilar (o’rdakburun, exidnalar) erkaklarining Zahar bezlari orqa oyoqlariga joylashgan. Umurtqali hayvonlarda Zahar bezlari evolyutsion taraqqiyotning birinchi davrlarida vujudga kelib, dastlab suvda va quruqlikda yashovchilar hamda baliqlarda mavjud bo’lgan. Norqo’zi Ergashev.