ZEBUNNISO BEGIM
ZEBUNNISO BEGIM (1643 Dehli — 1721) — shoira, ma’rifatparvar. Boburiylar sulolasidan Avrangzebning qizi. Onasi Dilrasobonu Gulbadan begimning avlodlaridan. Bareliy (“Tazkirai shoiroti urdu” — “Urdu shoirlarining tazkirasi”), Sherxoni Ludiy (“Mirot ul-xayol” — “Xayol oynasi”), Hakimxon To’ra (“Muntaxab ut-tavorix” — “Tanlangan tarixlar”), Fazliy (“Majmuai shoiron” — “Shoirlar majmuasi”) va boshqa tarixchi va tazkiranavis olimlar asarlarida Zebunniso begim hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar uchraydi. Otasi Avrangzeb qizida she’r va shoirlikka mayl sezgach, o’sha davrning mashhur olimi Mullo Muhammad Sayd Ashraf Isfaxoniyni unga muallim qilib tayinladi. Zebunniso begim bu olimning tarbiyasida zabardast shoira, olima, sozanda va xattot bo’lib voyaga yetdi. So’ngra ilohiyotga oid bir asar yozib, uni shu ustoziga bag’ishladi. Zebunniso begim o’zbek, fors, Arab tillarining sarfu nahvi (morfologiya va sintaksis) ni o’zlashtirgan. Xusrav Dehlaviy, Navoiy, Bobur asarlarini sinchiklab o’rgangan. Hindiston olimlari, shoirlari va san’at ahllariga ko’p g’amxo’rliklar qilib, o’z zamonida ilm va san’atning rivojlanishiga zo’r ta’sir qilgan. O’sha zamonning ko’p olimlari shaxsan Zebunniso begimdan maosh olar edilar. Shuning uchun ham tarixchilar unga yuksak baho berib, Zebunniso begim otasi hukmdorlik bilan qozona olmagan shuhratni ilm va odob bilan qozongan deb ta’kidlaydilar. Shoira ijodining shakllanishi va kamolga yetishida adabiy muhitning ta’siri kuchli bo’lgan. Akasi A’zamshohning adabiyotga qiziqishi, uyida bo’lib turadigan mushoiralar unda she’riyatga havas uyg’otadi. Yetuk shoir va olimlar bilan tanishadi. Ayniqsa, Zebunniso begimning Bedil bilan mushoiralar qilishi ikki buyuk talent mehnatiga barhayotlik bag’ishladi. Shoira murakkab, ziddiyatli bir davrda yashab, ijod etdi. 19 yoshidayoq ko’p ayanchli voqealarning shohidi bo’ldi. Avrangzeb saltanat uchun kurashda akasi Doroshukuh, ukalari murodbaxsh va Shohshujo’larni yengib, taxtni egallaydi (1658), kasalmand otasi Shohjahonni 16 yil uy qamog’ida asraydi. O’z o’g’li Akbarni taxt uchun kurashda ayblaydi. Qizi — Zebunniso begimni ham bu ishda hamfikr hisoblab, Dehlidagi Salimgarhi qo’rg’onidan chiqarmaydi. Mamlakatdagi notinch hayot, saltanat uchun kurashning avj olishi shoira dunyoqarashini tubdan o’zgartirdi. Zebunniso begim ijodida ijtimoiy-falsafiy fikrlar chuqurroq ildiz ota boshladi. Dastlabki she’rlaridayoq tabiat tasviri orqali insonning orzu-umidlarini, adolat va haqiqatni kuyladi. Rostlikni, haqqoniylikni targ’ib qildi, aldamchi, firibgarlardan nafratlandi (“Agar jannatni va’da qilsada, u odam so’ziga aldanma…”). Zebunniso begim ijodining ba’zi tomonlari Bedil falsafasiga hamohang. Shoira insonning go’zalligi keltirgan foydali ishida, mehnatida, qadrqimmati uning maqsadida deb biladi. Zebunniso begimning asosiy mashg’uloti she’riyat, musiqa, ilm bo’lgan. U butun huzur-halovatni, taqdir va baxtni, kishilar orzu qilgan jannatni xam kitobda — ilmda, deb bilgan. Lirik she’rlar bilan birga odob va axloqqa oid “Zeb uttafosir” (“Go’zal tafsirlar”), “Zeb unnashot” (“Nash’alar ziynati”) va tasavvuf falsafasiga doir “Munis ularvoh” (“Ruhlarning sodiq do’sti”) kabi risolalar ham yozgan. She’rlari ajdodlarining yurti Markaziy Osiyoda, Hindiston, Afg’oniston, Eron, Pokiston va boshqalar. Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. G’azallari o’zbek xalqining sevimli qo’shiqlariga aylangan. Hoziq, Xiromiy, Nodir, Sobir Abdulla va boshqalar Zebunniso begim g’azallariga muxammaslar bog’laganlar. Shoiraning she’riy merosi bizgacha to’liq yetib kelmagan. 8000 misrali bir devoni (g’azallari), 7 qasidasi, 5 tarje’band va bir muxammasigina saqlanib qolgan. Ba’zi manbalarda shoiraning “Maxfiy” taxallusi bilan ijod qilgani aytiladi. 19 asr 2-yarmi — 20 asr boshlarida ko’chirilgan “Devoni maxfiy” Zebunniso begimga nisbat beriladi. Zebunniso begim asarlari qo’lyozmasi dunyodagi ko’pgina kutubxonalarda, shu jumladan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 2590, 1269, 1936). Dehlidagi “Zarzari” qabristoniga Nizomiddin Avliyo, Amir Xusrav Dehlaviy yonida dafn etilgan. Ad.: Jalolov T., O’zbek shoiralari, T., 1980. Begali Qosimov.