ZONA

ZONA (Yunoncha Zone — mintaqa) — yer yuzining boshqa joylardan bir qancha xususiyatlari bilan farq qiladigan va qo’shni ikki parallel yoki meridian orasida joylashgan qismi, mintaqasi.

ZONA (musiqada) — muayyan tovushning tebranish doirasi. Zona nazariyasini rus akustik olimi N. Garbuzov (1880-1955) asoslab bergan. Musiqa tovushlarining umumiy xususiyati saqlangan holda miqdoriy ifodasi (tebranish tezligi, tarkibi, kuchi, davomiyligi va boshqalar) o’zgarib turadi. Musiqa tovushqatorining har bir pog’onasiga bir xil tebranishlar emas, ma’lum tebranishlar doirasi to’g’ri keladi. Masalan, birinchi oktava “lya” tovushining umumiy ifodasi 440 Gts tebranishga teng deb hisoblansa ham aslida uning tebranish doirasi, ya’ni Zonasi 435-445 tebranishlarni o’z ichiga oladi. Musiqa tovushning bu xususiyatlarini Sharqda ilk bor Forobiy va Ibn Sinolar ta’kidlashgan. O’zbek xalq musiqasining Zona xususiyatlarini musiqashunos L. Koval tadqiq etgan. Ad.: Koval L. G., Intonasionniy stroy o’zbekskoy narodnoy muziki, T., 1990.

ZONA (harbiy ishda) — 1) urush paytlarida — qurolli kuchlar (quruqlikda, dengizda, havoda) harakat qiladigan va harakatdagi armiyaning front 1 orqasi muassasalari joylashgan, tinchlik paytlarida — harbiy maqsadlar uchun maxsus ajratilgan hudud (mustahkamlab qo’yilgan rayon, harbiy port); 2) mudofaa zonasi — mudofaa jangida, harbiy qism, birlashma va bo’linmalar (brigada, korpus) turgan joy, ularning harakat doirasi. Mudofaa Zonasi taktik Zona va tezkor Zonalarga ajratiladi. Taktik mudofaa Zonasi front bilan dushman turgan joy oralig’i; tezkor mudofaa Zonasi taktik Zonadan boshlanib, hozirlab qo’yilgan mudofaa liniyalarini tezkor zahira qismlar turgan rayon va harbiy Aerodromlarni o’z ichiga oladi.