ZOG’ORA BALIQ
ZOG’ORA BALIQ (Cyprinus carpio) (sazan) — karpsimonlar oilasiga mansub tur. Uzunligi 50-60 santimetr (ba’zan 1 metrgacha), vazni 1,8—4,5 kilogramm (ba’zan 16 kilogramm va undan ortiqroq). Og’zi boshining pastki tomonida. Suzgich qanotlari qizg’ish tovlanib turadi. Orqa va anal suzgichlarida bittadan tishli suyak nurlari, yuqori labi va og’zi chetlarida bir juftdan mo’ylovlari bo’ladi. O’rta, qora, Azov, Kaspiy va Orol dengizlari hamda tinch ocean havzalariga qarashli daryo va ko’llarda, shuningdek, Sirdaryo, Amurdaryo, Zarafshon va Murg’ob daryolarida tarqalgan. Areal chegarasida Yevropa zog’ora balig’i (S. s. carpio), Orol zog’ora balig’i (S. s. aralensis), Amur-Xitoy zog’ora balig’i (S. s. haematopterus) va Vetnam zog’ora balig’i (S. s. viridiviolaceus) deb ataladigan 4 kenja turdan iborat. Janubiy dengizlarga quyiladigan daryolarda yarim o’tkinchi guruhlarni hosil qiladi; dengizning daryo quyiladigan joylarida yashaydi. Tuxum qo’yish uchun daryoga ko’tariladi. 2-5 yoshida jinsiy voyaga yetadi. 98 mingdan 1,8 milliongacha uvildiriq tashlaydi. Aprel — iyul oylarida tuxum qo’yadi. Elimsimon tuxumlari o’simliklarga yopishib turadi. Yosh baliqchalar, zooplankton, voyaga yetgan davrida bentosdati o’simliklar va hasharotlar lichinkasi bilan oziqlanadi. Go’shti shirin va seryog’ligidan ko’plab ovlanadi, suv havzalarida boqiladi. Xonakilashtirilgan Zog’ora baliq karp deyiladi.