Trixomonoz

Trixomonoz — siydiktanosil a’zolarining yallig’lanish kasalligi; qin trixomonadalari qo’zg’atadi. Kasallik qo’zg’atuvchisi sog’lom kishilarga jinsiy yo’l bilan o’tadi. Qin trixomonadalari tashqi muhitning turli omillariga nisbatan beqaror bo’lib, ular (mas., kuyosh nuri) ta’sirida tezda nobud bo’ladi. Qiz bolaga T. bemor onasi yoki boshqa ayol bilan bir o’rinda yotganida yuqishi mumkin. T. erkaklarda ham, ayollarda ham kuzatiladi; odatda, kasallik erkaklarda bilinarbilinmas kechadi. Qin trixomonadalari erkakning siydik chiqarish kanaliga kirib, uni yallig’lantiradi (trixomonad uretrit); ozgina shilliq chiqindi kelishi mumkin, lekin kasallik hech qanday alomatlarsiz o’tadi. Faqat bemorni sinchiklab tekshirganda trixomonadalar topiladi. Kasallikning aniq alomatlari bo’lmasligidan qat’i nazar, trixomonadalar topilgan kishilar, albatta, davolanishi shart. O’z vaqtida davo qilinmasa, moyak ortiklari yallig’lanishi (q. Epididimit), kasallik surunkali shaklga o’tishi va bepushtliksh sabab bo’lishi mumkin. T. bilan og’rigan ayollarda ko’pincha qin zararlanadi. Qindan qo’lansa hidli chiqindi ajraladi va tashqi jinsiy a’zolar qichishib, lovullab turadi. Turli noxush omillar oqibatida organizm chidamining pasayishi (mas., organizmning sovqotishi, shamollash kasalliklari, ayniqsa, tug’ruqdan va Abortdan keyingi kasalliklar), shuningdek, hayz ko’rish davri yallig’lanishning bachadon va b. a’zolarga tarqalib ketishiga sabab bo’ladi (q. Andeksit). Er yoki xotinda kasallik topilgan vaqtda ularning har ikkalasi ham davolanishi shart. T. bilan og’rigan bemorlar batamom sog’ayguncha davolanishlari zarur, aks holda kasallik yillab cho’zilishi, vaqtvaqti bilan qo’zib turishi mumkin. T. ni davolash davrida shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy amal qilish; jinsiy aloqadan o’zni tiyish kerak. Davo tugagach, 2-3 oygacha vrach nazoratida bo’lish lozim. T.ning oldini olishda shaxsiy va jinsiy gigiena qoidalariga rioya qilish muhim ahamiyatga ega.