YUKSAK QISQICHBAQASIMONLAR

YUKSAK QISQICHBAQASIMONLAR — qisqichbaqasimonlar kenja sinfi. Asosiy belgilari — boshi 5, ko’kragi 8, qorin bo’limi 6 bo’g’imdan iborat; faqat yupqa sovutli qisqichbaqalar qorin bo’limi 7 bo’g’imli; qorin oyoqlari rivojlangan. Boshi — sintsefalon yoki protosefalon. Protosefalonda jag’ bo’g’imlari ko’krak bilan qo’shilib, jag’ ko’krakni hosil qiladi. Jag’ko’krak (gnatotoraks) ko’pincha boshko’krak ham deyiladi. Boshida bir juft fasetkali ko’z va 5 juft boshoyoq (bir juftdan yuqori va pastki jag’, 3 juft oyoqjag’) bo’ladi. Qorin bo’g’imlari ba’zan o’zaro yoki telson bilan qo’shilib, pleotelson hosil qiladi. Nafas olish va qon aylanish sistemasi yaxshi rivojlangan. Oshqozon chaynovchi va filtrlovchi bo’limlardan iborat. Ko’pincha jigar deb ataladigan murakkab hazm qilish bezi bor. Chuchuk suv va quruqlikda yashaydigan yuksak qisqichbaqasimonlar o’zgarishsiz, dengiz yuksak qisqichbaqasimonlar metamorfoz orqali rivojlanadi. “Yuksak qisqichbaqasimonlar” nomi ko’p to’g’ri kelmaydi; chunki ularda yuksak belgilar bilan birga tuban tuzilish xususiyatlar (masalan, 2 shoxli qorinoyoqlar) ham bor. 13 turkumga mansub 19,5 mingga yaqin turi mavjud. Keng tarqalgan; ko’llar va dengizlarda bentosda yoki pelagik hayot kechiradi. Bir qancha turlari chuchuk suvlarda va quruqlikda yashaydi; ayrim turlari (sakkulina) parazit. O’rta Osiyo suv havzalarida yonlab suzarlar, o’noyoqlilar, tengoyoqlilar turkumlari, quruqlikda tengoyoqlilar (zahkashlar) turkumi vakillari uchraydi. Bir qancha yuksak qisqichbaqasimonlar ovlanadi va ko’paytiriladi.