Turk

Turk — o’zbeklar tarkibidagi etnik guruhlardan biri. T. 4 yirik qabila (turk, musobozori, Kaltatoy va barlos)dan iborat bo’lgan. 6-16-a. larda hoz. O’zbekiston hududiga kelib joylashgan. Qad. va o’rta asrlardagi turkiy qabilalarning qoldiqlaridan tarkib topgan. T. tarkibiga turklashgan mo’g’ul qabilalarning ayrim guruxlari ham kirgan. Ular, ba’zan, chorvachilik va qisman dehqonchilik bilan shug’ullangan. Burun T.lar moddiy va ma’naviy jihatdan boshqa o’zbek guruhlaridan farq qilmasada, ayrim urfodatlari va xo’jalik faoliyati bilan ajralib turgan. 20-a.ning boshlarida T.larning ko’pchiligi tog’lardan vohalarga ko’chib tushganlar. Ular Buxoro xonligi hududida, Samarqand viloyati, Farg’ona vodiysida joylashgan, ayrim guruxlari esa O’ratepa, Jizzax yaqinida va Toshkent vohasida yashaganlar. T. qabilalari Yaxsuv, Qizilsuv daryolari vodiylarida, Xonaqodaryo, Kofirnihon daryolarining yuqori qismida, Zarafshon tog’ining g’arbiy yon bag’rilarida, ayrim guruxlari esa Buxoro vohasida Shohrud daryosi bo’ylab joylashgan. Barloslar Qashqadaryo, Surxondaryo va qisman Zarafshon vodiysiga o’rnashgan. Musobozorilar Xonaqodaryo, qarshi vohasi va Qashqadaryoning yuqori qismlarida, kaltatoylar esa, asosan, Surxondaryoda yashashgan.