Tuproq gorizonti, tuproq qatlami
Tuproq gorizonti, tuproq qatlami — tuproqning rivojlanish jarayonida tabiiy shakllangan va ajralib turgan qatlami. Ma’lum qalinlikka ega gorizontlar bir-biridan morfologik belgilari, shuningdek, fizik xossalari, mexanik, kimyoviy hamda mineralogik tarkibi bilan farq qiladi. Har bir qatlam tuproqning hosil bo’lish va rivojlanish tarixini o’zida yaqqol aks ettiradi. Tuproq qatlamlari majmui tuproq kesmasi (profili)ni hosil qiladi. T. g. bosh harflar — A, V, S, gorizontcha (qatlamcha)lar esa indeksli harflar bilan belgilanadi. Chirindi moddalari asosan, ustki chirindili qatlamda (chirindiliakkumulyativ yoki elyuvial gorizont deb atalib, A harfi bilan belgilanadi) xrsil bo’lib, to’planadi va ba’zi tuproklarda suvda eriydigan mineral hamda organik moddalar bu qatlamdan yuviladi, tuproqning mineral qismi emiriladi. Bundan pastda o’tkinchi — shimilma (V; illyuvial yoki metamorfik) qatlam joylashgan bo’lib, unda elyuvial qatlamdan emirilgan mineral modda mahsulotlarining yuvilgan ma’lum qismi to’planadi. Tuproq profili ona jins gorizonti (S) bilan chegaralanadi.