Turbulent oqim
Turbulent oqim (lot. turbulentus — jo’shqin, tartibsiz) — turbulenglik kuzatiladigan suyuqlik (gaz) oqimi (q. Turbulentlik). T. o.da suyuqlik (gaz) ning ayrim zarralari murakkab traektoriya bo’ylab tartibsiz, beqaror harakat qiladi. Bunda oqimdagi har bir nuqta tezligi vaqt utishi bilan o’zgaradi va pulsasiya (jadal) tusida bo’ladi. Bosimda ham pulsasion o’zgarish ro’y beradi, siqilayotgan suyuqlikning zichligi esa o’zgaradi. Jadal tartibsiz aralashuv tufayli T. o. yuqori issiqlik uzatish, kimyoviy reaktsiyalar (mas., yonish) ni tez tarqatish, tovush va elektromagnit to’lqinlarni sochish, shuningdek, impulsni uzatish va shu sababli qattiq jismlarni aylanib oqayotganda ularga yuqori kuch ta’sir ko’rsatish xususiyatiga ega. Bunda T. o.larda harakatlanuvchi jism (zarra, to’lqin)lar anchagina katta qarshilikka uchrashi sababli kattagina energiya yo’qotishlari sodir bo’ladi. T.o. davrida harakat qilayotgan suyuqlikning ayrim massalari intensiv ravishda aralashib turadi. Ko’pchilik ATM. hodisalari va jarayonlari — atmosfera bilan sirt orasidagi energiya almashinuvida, issiqlik va namlikning ko’chishida, er sirti va havzalardagi bug’lanishlarda, ATM. dagi iflosliklar diffuziyasida, dengizda shamol to’lqinlari va shamol oqimlarining vujudga kelishida, ATM. da qisqa radioto’lqinlarning sochilishi kabi hollarda ATM.ning turbulentligi katta rol o’ynaydi.