TUQSOBA, To’qsabo

TUQSOBA, To’qsabo (eski O’zbekcha — o’z tug’iga ega bo’lgan) — harbiy qism sarkardasi, tuqsaboshi. 1) 16-19-a.larda Buxoro amirligida eshikoqo boshi, Chig’atoy begi singari mansablardan keyingi, miroxurdan oldingi rutba hisoblanib, uning egasi Amir saroyiga otda kirish, lekin hukmdor qabulida o’tirish huquqiga ega bo’lmagan shaxsni anglatgan. Bu mansabdor idishlarga ovqat suzish, kosalarga ichimlik, qatiq, muzdek suv va h.k. quyish, ularni xizmatkorlar orqali mashvarat yoki kengash ahliga etkazishga mas’ul hisoblangan. U, shuningdek, Harqonrud tumanini va u erda suv taqsimotini boshqargan; 2) Amir tomonidan katta qal’a va qo’rg’onlardagi harbiy garnizonni boshqarish uchun tayinlangan harbiy mansabdor. Qo’qon va Xiva xonligida T., asosan, bir polkdan tashkil topgan harbiy qism qo’mondoni. Rutba jihatdan chor hukumati armiyasining polkovnik unvoniga teng kelgan.