YULIY DAVRI

YULIY DAVRI — astronomiya va xronologiya hisoblarida birlik sifatida ishlatiladigan vaqt oralig’i. Davomiyligi 7980 yilga teng. Yuliy davri 3 ta tsiklning eng kichik umumiy karrasi: hafta qunlarini oyning bir xil kunlariga to’g’ri keltiruvchi 28 yillik quyosh davri, Oy fazalarini bir xil qunlarga keltiruvchi 19 yillik Meton davri va qadimiy Rimda favqulodda soliq yig’ish (15 yillik) davrlarining ko’paytmasidan iborat (281915=7980). Birinchi kun sifatida miloddan avvalgi 4713 yilning 1 yanvaridan boshlangan. 16-asr oxirida frantsuz olimi yu. Skaliger Yuliy davri kunlari bo’yicha hisob olib borishni taklif qildi va uni otasi sharafiga Yuliy davri deb atadi. Bu davr bo’yicha astronomiyadagi vaqtni hisoblash tizimida har bir kun miloddan avvalgi 4713 yilning 1 yanvaridan boshlab o’zining tartib raqamiga ega. Biror ikki astronomik yoki tarixiy hodisa orasidagi vaqtni hisoblash uchun maxsus jadvallar yordamida bu hodisalarning boshlanishi va oxiriga mos kelgan kun raqamlarining ayirmasi olinadi. Masalan, milodiy era 1 yilning 1 yanvari 1721425 kun, 1963 yilning 1 yanvari 2438031 bo’ladi. Bu ikki kun orasidagi o’tgan vaqt 716606 kunni tashkil qiladi. Astronomiyada o’zgaruvchan yulduzlarning maksimum va minimumlari orasida o’tgan vaqtni topishda Yuliy davridan foydalaniladi.