YUNESKO
YUNESKO — Birlashgan Millatlar tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug’ullanuvchi tashkiloti — xalqaro hukumatlararo tashkilot; BMTning ixtisoslashgan muassasasi. Davlatlar o’rtasida maorif, fan, madaniyat va kommunikasiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish yo’li bilan tinchlikka va xalqaro xavfsizlikka ko’maklashish maqsadida 1946 yil tuzilgan. 188 mamlakat (shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi 1993 yil 26 oktyabrdan) a’zo (2004). YUNESKO Ustaviga ko’ra, “… irqi, jinsi tili va dinidan qat’i nazar, barcha xalqlar uchun adolatga, qonuniylikka, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumiy hurmatni ta’minlash maqsadida ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirish orqali xalqlar hamkorligiga” ko’maklashish tashkilotning ustuvor vazifasidir. 400 ga yaqin xalqaro nohukumat tashkilotlar va jamg’armalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YUNESKO bilan hamkorlik qiladi. YUNESKO byudjeti a’zomamlakatlar badallaridan tashkil topadi. Tashkilot faoliyatining asosiy yo’nalishlari yalpi savodsizlikka qarshi kurash, maorif tizimi va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni o’rganish va tarqatish, atrof muhitni va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, okeanografiya, geologiya, gidrologiya, sotsiologiya, kommunikatsiya va boshqalar sohalarda global ilmiy muammolarni hal etishda hamkorlik qilishdan iborat. Axborot va informatika — kommunikatsiya masalalari uning faoliyatida katta o’rin egallaydi. Tashkilotga a’zo mamlakatlarda YUNESKO ishlari bo’yicha Milliy komissiyalar tuzilgan. YUNESKO ana shu komissiyalarga tayanib ish olib boradi. O’zbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari bo’yicha Milliy komissiyasi 1994 yil 29 dekabrda tashkil etilgan bo’lib, uning tarkibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan. Bosh konferentsiya YUNESKOning oliy organi hisoblanadi. 2 yilda 1 marta uning sessiyalari o’tkaziladi. Sessiyalar oralig’ida Ijroiya kengashi (unga 58 davlat, jumladan, O’zbekiston 1997 yil oktyabrda a’zo etib saylangan) ish olib boradi. Ijroiya kengashi har yili 2 marta yig’iladi. Uning 155-sessiyasining yakuniy yig’ilishi Toshkent shahrida bo’lib o’tgan (1998 yil 6 noyabr). Tashkilot qarorgohi Parijda, Bosh direktor (Konchiro, Massura, 1999 yildan) boshchilik qiluvchi Kotibiyat ham shu erda joylashgan. Tashkilot 50 dan ortiq axborotnoma va 20 dan ortiq davriy nashrlar chiqaradi. Ulardan eng keng tarqalgani “YUNESKO kureri” jurnali (30 tilda nashr qilinadi), “Kelajak” (ta’lim sohasidagi haftalik), “Muzey”, “Ijtimoiy fanlar xalqaro oynomasi”, “Tabiat va resurslar”, “Mualliflik huquqi bo’yicha axborotnoma”, “Ta’lim byurosi xalqaro axborotnomasi”, “Impakt: fan va jamiyat” kabilardir. YUNESKO har 2 yilda bir marta jahonda ta’lim, fan, madaniyat va kommunikatsiya holati haqida ma’ruzalar chop etadi. YUNESKO “insoniyatning ilmiy va madaniy rivojlanishi tarixi” (6 jild), “Islom madaniyatining turli jihatlari” (6 jild), “Lotin Amerikasi davlatlari tarixi” (7 jild), “Karib havzasi davlatlari tarixi” (6 jild), “Afrika umumiy tarixi” (8 jild) kabi fundamental kitoblarni chop etmoqda. Shuningdek, 6 jildli “Markaziy Osiyo tsivilizasiyasi tarixi” xalqaro hamkorlik doirasida yaratilmoqda, unda 1navbatda mazkur mintaqa davlatlari, jumladan, O’zbekiston olimlari ishtirok etmoqda. Kitobning dastlabki 4 jildi 1992, 1994, 1996 va 1998 yillarda bosilib chiqdi. “Ipak yo’li — muloqot yo’li” jahon dasturi YUNESKOning Markaziy Osiyo tsivilizasiyalari tarixini o’rganishga bag’ishlangan bo’lib, u BMTning madaniy taraqqiyot bo’yicha butun dunyo o’n yilligi (1989-99 yillar) tadbiri doirasida o’tkazildi. YUNESKOning sa’y-harakati bilan butun insoniyat mulkini tashkil etuvchi buyuk madaniy va tabiiy yodgorliklar Jahon merosi ro’yxatiga olindi. YUNESKO O’zbekistonning Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishiga bevosita yordam ko’rsatish maqsadida bir qator oliy o’quv yurtlarida YUNESKO kafedralari, shuningdek, YUNESKO maktablari tashkil etgan. YUNESKO doirasida Abu Rayhon Beruniy (1973), Abu Ali ibn Sino (1980) tavalludining ming yillik, Mirzo Ulug’bekning 600 yillik (1994), Amir Temurning 660 yillik (1996) tantanalari nishonlandi. YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Amir Temur haftaligi o’tkazilib, “Temuriylar davrida fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” mavzuida ilmiy konferentsiya va ko’rgazma tashkil etildi. Bu tadbirda O’zbekiston Prezidenti I.Karimov, Frantsiya Prezidenti J.Shirak ishtirok etdi (1996 yil 20— 26 aprel). Toshkent shahrining 2000 yilligi (1980), Xiva (1997), Buxoro (1997), Termiz (2002) shahrilarining 2500 yilligi, Shahrisabz shahrining 2700 yilligi (2002), Ahmad al-Farg’oniyning 1200 yilligi, Imom Buxoriynning 1225 yilligi (1998), “Alpomish” xalq dostoni yaratilganligining 1000 yilligi (1999), Avesto kitobi yaratilganligining 2700 yilligi (2001) nishonlandi. YUNESKO rahnamoligida Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Boysun tumanida folklor festivali o’tkazib kelinmoqda. O’zbekiston Prezidenti I.Karimov insoniy ideallarni e’zozlagani, madaniy qadriyatlarni tiklash va saqlashdagi, ilmiy merosni o’rganishdagi xizmatlari uchun YUNESKOning Abu Ali ibn Sino nomidagi oltin medali bilan mukofotlangan (1998). Ad.: Saidov A.X., Xalqaro huquq, T., 2001; Xakimov R., O’zbekiston va Birlashgan Millatlar tashkiloti, T., 2001; Mo’minov Abdulxay, O’zbekiston va YUNESKOning xalqaro-huquqiy munosabatlari, T., 2003.