YUNON-RUM KURASHI

YUNON-RUM KURASHI — sport turi, ikki kishi (sportchi)ning belgilangan qoidalar asosida g’oliblik uchun olishuvi. Yunon-rum kurashi musobaqalari diametri 9 metr (o’lchami 12×12 metr) sport maydonida o’tkaziladi. Erkaklar 55, 60, 66, 74, 85, 97 va 120 kilogramm vazn toifasida kurashadilar. Musobaqalashish vaqti 2 minutdan 3 davra, davralar orasidagi tanaffus 30 sekund. Yunon-rum kurashida erkin kurashdan farqli ravishda raqiblarning oyoq qismidan ushlab usullar bajarishiga ruxsat etilmaydi. Bajarilgan usullar 5 (sof g’alaba), 4 (texnik ustunlik yoki chetlatish), 3 va 1 ochko bilan baholanadi. G’olib to’plagan ochkolariga ko’ra aniqlanadi. Agar kurashchilardan biri 5 ochkoga mos usul bajarsa, 1,2-davrada ketma-ket g’olib deb topilsa, raqibidan 6 ochko farq bilan o’zib ketsa, shuningdek, hakamlar, murabbiylar va shifokor qaroriga qo’ra olishuv muddatidan oldin to’xtatiladi. qadimiy ko’p xalqlarning milliy kurash turlarida zamonaviy Yunon-rum kurashida qo’llaniladigan usullar bo’lgan. Misrdagi miloddan avvalgi 260 yillarga oid yodgorlik toshlaridagi suratlarda hozirgi Yunon-rum kurashi usulida olishayotgan polvonlar aks ettirilgan. Yunonistonda o’tkazilgan Olimpiada o’yinlari dasturiga miloddan avvalgi 708 yildan boshlab Yunon-rum kurashiga o’xshash kurash musobaqasi kiritilgan. Rimda miloddan avvalgi 284 yildan Yunon-rum kurashini eslatadigan musobaqalar o’tkazilgan. Yunon-rum kurashining zamonaviy qoidalari 19-asr boshlarida Frantsiyada ishlab chiqilgan va shu qoidalar asosida Parijda 1848 yilda ochilgan kurash zalida musobaqalar tashkil qilish an’anaga aylangan. Unda Yevropaning boshqa mamlakatlaridan kelgan polvonlar ham ishtirok etishgan. Yunon-rum kurashi musobaqalari 1896 yildan zamonaviy Olimpiada o’yinlari dasturidan o’rin olgan va o’sha yildan xalqaro Olimpiada qo’mitasi taklifiga ko’ra, rasman Yunon-rum kurashi deb atala boshlangan. Yunon-rum kurashi bo’yicha 1904 yildan professional (1950 yildan havaskor) kurashchilar o’rtasida jahon chempionatlari o’tkazib kelinadi. Yunon-rum kurashi va erkin kurash turlarini rivojlantirish maqsadida 1912 yilda Xalqaro havaskor kurashchilar assosiasiyasi (G’PA) tuzilgan, unga 154 davlat (O’zbekiston 1992 yildan) a’zo (2004). O’zbekistonda Yunon-rum kurashi 19-asrning oxirlaridan ommalashgan. Bunda tsirkda tashkil etilgan bellashuvlar muhim rol o’ynagan. O’zbekistonda yetishib chiqqan Ahmad polvon shunday musobaqalarda ishtirok etgan. Yunon-rum kurashi qoidalarining milliy qurash qoidalariga bir qadar o’xshashligi bu sport turining mamlakatda tez rivojlanishga zamin yaratdi. Lev Turin, German Sandler, Rifat va Abdulmajid Ablayev kabi murabbiylar rahbarligida Yuriy Zelenin, Hamid Vohidov, Rustam Kazakov, Komil Fatkulin, Asliddin Xudoyberdiev, Dilshod Oripov, Aleksandr Dokturishivili singari Yunon-rum kurashi ustalari Olimpiada o’yinlari, jahon chempionatlari hamda boshqa nufuzli musobaqalarda g’olib chiqishgan. Mamlakatdagi 487 ta sport maktabi va to’garakda 191 murabbiy qo’l ostida 5028 kishi Yunon-rum kurashi bilan shug’ullanadi (2004). Ad.: Kerimov F., Sport kurashi nazariyasi va usuliyati, T., 2001; Dimov Ya., Bratstvo Palvanov, M., 2004.