Tranzistor

Tranzistor (inglizcha transfer — ko’chirmoq va rezistor) — elektr tebranishlarni kuchaytirish, generasiyalash (hosil qilish) va o’zgartirish uchun mo’ljallangan 3 elektrodli yarimo’tkazgich asbob. Mikroelektronika qurilmalarining asosiy elementi. Amerika olimlari J. Bardin, U. Bratteyn va U. Shokli 1948 yilda ixtiro qilishgan. Tuzilishi va tokni boshqarish mexanizmiga ko’ra, Tranzistor 2 katta sinfga: bipolyar (oddiy Tranzistor) va unipolyar (dala Tranzistori) sinflarga bo’linadi. Tranzistorlar kichik quvvatli va kam shovqinli; impulsli; past, yuqori va o’ta yuqori chastotali; foto Tranzistorlar (yorug’lik signallarini elektr signallariga o’zgartiruvchi) va boshqa turlarga bo’linadi. Tranzistorlar, asosan, germaniy, kremniy va boshqa monokristall yarimo’tkazgich materiallardan yasaladi. Xalq orasida ixcham mikroelektron Radiopriyomniklar ham Tranzistor deb yuritiladi.