YUNUSXO’JA
YUNUSXO’JA (? 1801) — mustaqil Toshkent davlati hokimi (1784 — 1801), Yunusxo’ja Toshkentdagi 4 dahaning biri — Shayxontohur hokimi Ulug’xo’janing o’g’li bo’lgan. Ulug’xo’ja o’zaro kurashlar avjga chiqib, xavf-xatar tug’ilgan paitda to’rtinchi o’g’li — yu.ni bir ishonchli kishi bilan Toshkentdan chiqarib yuborgan. U qozoqlar orasida yashagan. Otasining o’limidan so’ng shaharga yashirin kirgan. Yunusxo’ja avval otasiga tegishli Shayxontohurni egallashga va nufuzli kishilarni o’z tarafiga tortishga erishgan. Shundan keyin Yunusxo’ja o’zaro kurashlardan toliqqan raqiblarini, jumladan, Turobxo’jani yengishga va 4 dahani birlashtirishga muvaffaq bo’lgan. Yunusxo’ja shahar mudofaasini mustahkamlash va qo’shin jangovarligini oshirishga qaratilgan choralarni amalga oshirgan. U shahar devorlarini hashar yo’li bilan tuzattirgan, mustahkamlagan. 1800 yilgi ma’lumotlarga ko’ra, devor quyi qismining qalinligi 1,8 metr, ustki qismi 0,9 metr atrofida bo’lib, aylanma uzunligi 18 chaqirimdan ortiq, devor balndligi 7,9 metr bo’lgan. Yunusxo’ja 6 ming kishidan iborat qo’shin tuzib, askarlarni pilta miltiq, qilich, nayza, qalqon bilan qurollantirgan. Toshkent tarixida birinchi bo’lib to’pdan foydalanishni joriy etgan. Yunusxo’ja davrida belgilangan tartibga ko’ra, har bir jondan bir oyda daromadiga qarab 5 tangadan 10 tangagacha, yerdan olingan hosilning qirqdan bir qismi olingan. Qoraqozonlar soliqlardan ozod qilingan. Shaharda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdosotiq izga tushgan. Yunusxo’ja ichki va tashqi savdoning o’sishiga e’tibor bergan.