YUPATOV FILIPP AFANASEVICH
YUPATOV FILIPP AFANASEVICH (1873-1958) — tsirk arbobi, antreprenyor. Tsirkning turli janrlari (havo gimnasti, chavandoz, raqqos, kloun, hayvon o’rgatuvchi va boshqalar) da ijod qilgan. 1906 yildan Turkistonda yashagan. Toshkent, Andijon, Buxoro, Samarqand va boshqalar shaharlarda tsirklari bo’lgan. Yupatov tsirklari Turkistonda mashhur bo’lib, dasturlari xilma-xilligi bilan ajralib turgan va katta shuhrat qozongan. Yupatov tsirklarida Yevropa va Rosssiyadan kelgan artistlar bilan birga o’zbek artistlari ham tomosha ko’rsatishgan. Benefislar uyushtirilgan, “Kulgi va quvnoqlik kechalari”, frantsuz kurashi bo’yicha musobaqalar, tarixiy va sarguzasht mavzulardagi pantomimalar qo’yilgan. O’zbek tilini puxta bilgan Yupatov Yusufjon qiziq bilan hamkorlikda tomoshalar ko’rsatgan. Yupatov 1915 yil Toshkentdagi voskresenye bozori (hozirgi Navoiy teatri maydoni) da yog’ochdan ishlangan stasionar tsirk binosini qurdi (1966 yil zilzilasiga qadar tsirk tomoshalari shu binoda ko’rsatilgan). O’zi rahbarlik qilgan tsirk dasturlarida ot o’rgatuvchi va kloun sifatida manejga chiqqan. Repertuarini o’zbek tilida ijro etgan. Professional o’zbek tsirki shakllanishida yu. muhim rol o’ynagan. 1920 yildan davlat tsirklarida ishlab keldi. Qizi Yelena Yupatova (1894 — ?) — raqqosa, chavandoz. 7 yoshidan otasi rahbarligidagi tsirk dasturlarida qatnashgan. O’zbekcha, ruscha qo’shiq va raqslari olqishga sazovor bo’lgan. Manejga “Mayramxon” taxallusi bilan chiqib, shuhrat qozongan. “Ravot qashqirlari” va “UayldVestlik chavandoz” filmlarida suratga tushgan.