YURT
YURT — o’rta asr Sharq manbalarida mulk, turar joy, mamlakat, Vatan, yer ma’nosida qo’llaniladigan atama. 14-asrning 2-yarmigacha “yurt” atamasi, odatda, turkiy qabilalar ko’chib yuradigan hudud ma’nosida qo’llanilgan. 14-asr oxiri — 15-asr boshlarida yurt deb xon qarorgohidagi zodagonning joyi yoki zodagon yoxud xonning qarorgohi joylashgan erga aytilgan. Tarixchilar Rashiduddin va Vassofning asarlarida yurt nafaqat ulus hududini balki qo’shinning umumiy safida askarlar o’rni, qarorgoh (o’rdu) joylashgan yer, qarorgohdagi chodir o’rnatilgan joyni ham anglatgan. So’nggi davr manbalarida “yurt” atamasining uy, turar joy, manzilni anglatuvchi ahamiyati kuchaygan. Rus manbalarida Yurt Mo’g’ullar davlati va Oltin O’rda parchalangandan so’ng vujudga kelgan davlatlar hududini bildirgan (Sibir yurti, Qrim Yurti va boshqalar).