Toba

Toba — mil. 4-a. oxiriga qadar hoz. Ichki Mongoliya (XXR) hududida yashagan ko’chmanchi qabila. 3-a. o’rtalarigacha syanbi qabila Ittifoqiga kirgan. Kabila oqsoqoli Livey hukmronligi davrida (220-277) faol siyosiy rol o’ynay boshlagan. Xitoy bilan mustaxkam aloqalar o’rnatgan. 4-a. boshida Xitoydagi G’arbiy Szin imperiyasi bilan birgalikda T. lar hunnularning shim. Xan davlati bilan kurash olib borishgan. Buning evaziga Xitoy imperatori 310 y. T.larga Daytszyun viloyatini, 315 y. esa, Chanshan viloyatini (hoz. Xebey viloyati) in’om etgan. T.lar Szin imperiyasi bilan harbiy ittifoqda bo’lsalarda undan mustaqil edilar. 2-3-a.larda T.larda urug’chilik munosabatlari saqlanib qolgan, 3-a. oxiri —4-a. boshlaridan merosiy hokimiyat vujudga kelgan. 4-a. oxirida T.lar o’zlarining toba Vey (shim. Vey) davlatini barpo etishgan. 4-a. oxiridan T.lar o’troq hayot tarziga o’tishgan, xonaki chorvachilik bilan bir qatorda dehqonchilik bilan ham shug’ullangan. Keyinchalik boshqa xalklar bilan aralashib ketgan va 7-a.dan boshlab T.lar nomi tarix saxifalarida uchramaydi.