Tiristor
Tiristor (Yun. thyra — eshik, kirish va rezistor) — elektrik ventil xossasiga ega bo’lgan kremniy monokristall asosidagi yarimo’tkazgich asbob. Yarimo’tkazgich elementi kremniy (bir oz bor, alyuminiy va fosfor qo’shilgan) monokristall disk (plastinka)dan tayyorlanadi. Ishlash printsipi kremniy monokristallning elektronteshikli o’tish (elektron p o’tkazuvchanlikdan teshikli r o’tkazuvchanlikka o’tish) xossasiga asoslanadi. Bu xossa asbobning ventilli o’tkazuvchanligini ta’minlaydi. T. ning triodli (trinistor; uchta tashqi chiqish — katod, anod, boshqaruvchi elektrod) va diodli (dinistor, boshkaruvchi elektrodsiz) turlari bor. Vazifasiga ko’ra, bir tomonlama va ikki tomonlama o’tkazuvchan, yuqori chastotali, impulsli, ikki operasiyali va maxsus xillarga bo’linadi. Fotorezistorlar, galliy arsenid asosidagi T.lar ham bor. T. elektr o’zgartirgichlarida ventil, avtomatik boshqarish tizimining ijrochi va kuchaytiruvchi elementlari, turli elektron qurilmalarda xotira kaliti hamda elementlari va b. sifatida ishlatiladi.