YUSUPOVA TO’TI
YUSUPOVA TO’TI (1936.10.3, Samarqand) — O’zbekiston xalq artisti (1994). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1957). 1957 yildan hozirgi O’zbekiston milliy akademik drama teatri aktrisasi. Hafiza (A.Qahhor, “Shohi so’zana”), Sonya (A.Chexov, “Vanya tog’a”), Qorasoch (Uyg’un, “Shubha”), Hojar (A.Qahhor, “Tobutdan tovush”), Nuri (Oybek, “Qutlug’qon”), ona (E’ Robles, “O’limdan kuchli”), Xonzoda (Hamza, “Boy ila xizmatchi”), Shafaq (M. Karim, “Oy tutilgan tunda”), Rahima (O’. Umarbekov, “Komissiya”), Sotti (S.Ahmad, “Kelinlar qo’zg’oloni”), Fotima, Zebi (O’.Umarbekov, “Shoshma quyosh”, “Qiyomat qarz”), Nodira (T.To’la, “Nodira”), Mastura (Hamza, “Paranji sirlari”) kabi turli qaxramonlar obrazini yaratdi. Qahramonlari xarakterining ijtimoiy va psixologik jihatlarini chuqur ocha bilish, ularni ruhiy go’zallik va hayotbaxshlilik ruhi bilan ta’minlash, obraz mohiyatini muhit bilan uzviylikda olib borish Yusupova ijodiga xos. “Qalliq o’yin” (Qizbibi), “Eski zamon hangomalari” (buvi) kabi filmlarda ham suratga tushgan.