YUQORI CHIRCHIQ TUMANI

YUQORI CHIRCHIQ TUMANI — Toshkent viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabr da tashkil etilgan. 1959 yilda Parkent tumani, 1962 yilda Bo’stonliq tumani qo’shildi. 1964 yildan Bo’stonliq, 1979 yildan Parkent tumani ajralib chiqadi. Shimoli sharqdan Bo’stonliq va Parkent, Janub va Janubi sharqdan Ohangaron, Janubi g’arbdan O’rta Chirchiq, g’arbdan Toshkent shahri va Qibray tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming kilometr kvadrat. Aholisi 112,5 ming kishi (2005). Tumanda 1 shaharcha (Yangibozor), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Arg’inchi, Sosbaqa, Bordonko’l, Jambul, Oqovul, Navro’z, Saksonota, Surankent, tinchlik) bor. Tuman markazi — Yangibozor shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi Chirchiq daryosining chap sohilidagi tekislikda, o’rtacha 550 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi kontinental. Sharq va shimoldan Chatqol tizmasi bilan o’ralgan. Qishi birmuncha sovuq, yozi issiq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -1,5° dan -2° gacha, eng past temperatura — 20°. Iyulniki 25-28°, eng yuqori temperatura 41-42° gacha. Yillik o’rtacha yog’in 350-400 millimetr. Vegetatsiya davri 200 kun. Tuman hududidan o’tgan Qorasuv, Chirchiq daryolari, Parkent, Hondam kanallari, oqqulik, yoyilma, Qizilsoy soylaridan qishloq xo’jalik ekinlarini sug’orishda foydalaniladi. Tuproqlari bo’z tuproq. Yovvoyi o’simliklardan sho’ra, qamish, yulg’un; kiyiko’t, isiriq, gulxayri, qoraandiz, qizilmiya, ermon singari dorivor giyohlar va boshqalar o’sadi. Yovvoyi qayvonlardan chiyabo’ri, tulki, ondatra, yumronqoziq, suvilonlar; qushlardan yovvoyi o’rdak, tustovuq, qirgovul va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, koreys, rus, tatar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 256 kishi (2005). Shahar aholisi 12950 kishi, qishloq aholisi 99550 kishi (2005). Xo’jaligi. Tuman iqtisodiyoti, asosan, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan. Paxta tozalash, qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarish tajriba zavodi, bosmaxona, MTP, toshshag’al maydalash va saralash kombinati, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, 300 kichik korxona va boshqalar ishlab turibdi. 6 qo’shma korxona faoliyat ko’rsatadi. Tumanda 5 shirkat, 830 fermer xo’jaligi mavjud. Sug’oriladigan yerlarda paxta, bahorikor yerlarda donchilik; shuningdek, chorvachilik, pillachilik rivojlangan. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlarning 6,3 ming gektar maydoniga paxta, 12,8 ming ga maydoniga g’alla, 1,1 ming gektar yerga sabzavot ekinlari ekiladi. Tutzor, pichanzor va yaylovlar bor. Bog’dorchilik, tokchilik rivojlangan. Tuman xo’jaliklarida 29,5 ming qoramol, 14,9 ming qo’y va echki boqiladi. Yuqori Chirchiq tumanida 40 umumiy ta’lim maktabi (24,2 ming o’quvchi), bolalar musiqa maktabi, kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. 24 kutubxona, 6 madaniyat uyi, 10 klub muassasasi aholiga xizmat ko’rsatadi. 3 stadion, 35 sport zali, 37 futbol, 40 basketbol, 14 qo’l to’pi maydonlari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi va uning bo’limlari, tug’ruqxona, poliklinika, 19 qishloq vrachlik punkti, 2 ta dispanser, 4 feldsherakusherlik punkti va boshqalar tibbiy muassasalarda 149 vrach, 850 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. 1932 yildan “Sur’at — qarqsh” tuman gazetasi (o’zbek va qozoq tillarida) nashr etiladi (adadi 2396).