YOVVOYI TABIATNING UMUMJAHON FONDI

YOVVOYI TABIATNING UMUMJAHON FONDI — yovvoyi hayvonlar va tabiiy jamoalarni muhofaza qilish bo’yicha loyihalarni amalga oshirish uchun davlatlar, tashkilotlar va xususiy shaxslardan mablag’ yig’ish maqsadida tuzilgan nodavlat tashkilot. 1961 yilda ta’sis etilgan. YUNESKO, FAO Tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkiloti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Tashkilot har xil tashkiliy ishlar (asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda) — noyob va yo’qolib borayotgan hayvonlar turlarini o’rganish bo’yicha ilmiy ekspeditsiyalar va muhofaza qilishga mo’ljallangan yangi joylar tashkil etish maqsadida yerni ijaraga olish, milliy bog’lar, qo’riqxonalar va boshqa uchun transport, aloqa vositalari va boshqalarni sotib olish bilan shug’ullanadi. Jumladan fondning mablag’i va bevosita ko’magi bilan Koto-Donyan milliy bog’idagi (Ispaniya) eng so’nggi qironqora burgutlar saqlab qolindi. Fond dengiz qo’riqxonalarini tashkil etish, ulardagi ekosistemalar va ayrim turlarni o’rganishga ko’maklashadi. Fond “World Wildlite” (“dunyo yovvoyi hayvonlari”) yillik jurnali va VVF — yangiliklar (WWT—news) gazetani nashr qiladi; kitoblar, plakatlar chop etadi. Dunyo tabiatini muhofaza qilish bilan shug’ullanadigan shaxslarni rag’batlantirish maqsadida oltin medal ta’sis etilgan. Fond shtabkvartirasi Glan shahri (Shveytsariya) da, 30 dan ortiq mamlakatlarda uning bo’limlari bor.